Fransiyada biatlon bo‘yicha jahon kubogining uchinchi bosqichi o‘z yakuniga yetdi. Musobaqaning so‘nggi kunida erkaklar 15 km., ayollar esa 12,5 km. masofada mass-start poygasida bellashdi.
Ayollar o‘rtasidagi bahslarda norvegiyalik Maren Kirkeeyde 32 daqiqa 53,2 soniya natija bilan marraga birinchi bo‘lib yetib keldi. Bir marotaba nishonni boy bergan fransiyalik Lu Janmonno 0,3 soniya farq bilan ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, yana bir fransiyalik Jyustin Breza-Bushe (+0,8, 1 promax) kuchli uchlikni yakunladi.

Erkaklar o‘rtasida esa italiyalik Tommazo Djakomel 15 km. masofani 33 daqiqa 35,1 soniyada bosib o‘tib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Fransiyalik Erik Perro 18,1 soniya ortda qolgan holda ikkinchi bo‘ldi. Norvegiyalik Vetle Shyosta Kristiansen (+21,3) uchinchi natijani qayd etdi.

Shu tariqa, jahon kubogining uchinchi bosqichi yakunlariga ko‘ra, erkaklar o‘rtasida norvegiyalik Yoxan-Olav Botn 560 ochko bilan umumiy hisobda yetakchilik qilmoqda. Ikkinchi o‘rinda 447 ochko jamlagan Erik Perro bo‘lsa, Tommazo Djakomel 431 ochko bilan uchinchi pog‘onani egallab turibdi.

Ayollar o‘rtasida fransiyalik Lu Janmonno 481 ochko bilan jahon kubogi umumiy hisobida peshqadam. Norvegiyalik Maren Kirkeeyde 413 ochko bilan ikkinchi, italiyalik tajribali biatlonchi Doroteya Virer 363 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda.
Jahon kubogining to‘rtinchi bosqichi 8-11 yanvar kunlari Germaniyaning Oberxof shahrida bo‘lib o‘tadi. Unda quyidagi poygalar dasturga kiritilgan:
8 yanvar. Erkaklar – 10 km. sprint;
9 yanvar. Ayollar – 7,5 km. sprint;
10 yanvar. Erkaklar – 12,5 km. quvish poygasi,
ayollar – 4 × 6 km. estafeta;
11 yanvar. Erkaklar – 4 × 7,5 km. estafeta,
ayollar – 10 km. quvish poygasi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA