Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bi-bi-si muxbiri Shanxay politsiyasi tomonidan kaltaklangani aytilmoqda
16:53 / 2022-11-28

Britaniyaning Bi-bi-si korporatsiyasi muxbiri Ed Lourens namoyishlarni yoritayotganda Shanxay politsiyasi tomonidan hibsga olingan va politsiya idorasida unga jismoniy zo‘ravonlik qilingan. Yakshanba kuni korporatsiya tomonidan tarqatilgan bayonotda shu haqda aytilmoqda.

"Bi-bi-si Shanxaydagi namoyishlarni yoritayotganda politsiya tomonidan hibsga olingan jurnalist Ed Lourensga qilingan munosabatdan chuqur xavotirda. U politsiya idorasida bir necha soat ushlab turilgan. Politsiyachilar uni urgan va tepkilagan. U akkreditatsiyadan o‘tgan jurnalist”, deyiladi bayonotda.

Xitoy hukumati hozircha ushbu hodisaga izoh bergani yo‘q.

O‘tgan yakshanba kuni Shanxay va Xitoyning boshqa bir nechta shaharlarida hukumatga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Namoyishga Sinszyan-Uyg‘ur muxtor tumanidagi Urumchi shahrida yuz bergan fojia sabab bo‘lgan. Bu yerda yong‘in tufayli odamlar nobud bo‘lgani aytilmoqda. Namoyish ishtirokchilari Xitoy hukumatini koronavirus tarqalishiga qarshi kurashda haddan ziyod qattiq choralar ko‘rayotganlikda ayblashmoqda. Ular lokdaunlar bekor qilinishini hamda kundalik hayotga qaytishni talab qilmoqda.

Urumchida o‘tgan payshanba kuni ko‘p qavatli binoda yong‘in sodir bo‘lib, o‘ndan ziyod kishi halok bo‘lgani, to‘qqiz kishi jarohat olgani ma’lum qilingan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan lekin tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, odamlar lokdaun tufayli uylarini zudlik bilan tark eta olmagan, to‘sib qo‘yilgan yo‘llar esa o‘t o‘chirish mashinalarining yong‘in sodir bo‘lgan bino yoniga o‘z vaqtida yetib kela olmagan.