Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Better Cotton” – dunyodagi paxta barqarorligini ta’minlash bo‘yicha eng yirik dastur
18:16 / 2022-11-17

Poytaxtimizdagi “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida “Better Cotton” – ekologiya uchun yaxshiroq, jamiyat uchun yaxshiroq, iqtisodiyot uchun yaxshiroq, kelajak uchun yaxshiroq" mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.

“Better Cotton” xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi hamda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi ko‘magida tashkil etilgan ushbu tadbirda vazirlik va idoralar rahbarlari, qishloq va suv xo‘jaligi, bandlik va mehnat munosabatlari, investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi, biznes uyushmalari rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi, O‘zbekiston ish beruvchilar konfederatsiyasi raisi Ilhom Haydarov, Jenevadagi “Better Cotton” xalqaro nohukumat tashkiloti bosh direktori Alan Makkley va boshqalar ushbu uchrashuv mamlakatimizda paxta sektoridagi barqarorlik va milliy ustuvorliklarni belgilash masalalarini muhokama qilishda barcha manfaatdor tomonlar uchun ochiq maydonga aylanishini qayd etdi.

Mazkur davra suhbatining tashkil qilinishi mamlakatimizda “Better Cotton” dasturini tatbiq etishning boshlanishi bilan bog‘liqdir. Ushbu dastur tabiat uchun bezarar dehqonchilik amaliyotlarini siyosiy dastur va strategiyalarga kiritish orqali paxta fermalaridagi tuproq sog‘lom bo‘lishi, yer, suv va boshqa resurslardan esa mahalliy aholi va sayyoramiz manfaatlari yo‘lida samarali foydalanishini ta’minlashga qaratilgan.

Tadbir “Better Cotton” xalqaro nohukumat tashkiloti vakillarining O‘zbekistonda o‘tkazayotgan ilk tadbiri hisoblanadi. “Better Cotton” esa bu tashkilotning dunyodagi paxta barqarorligini ta’minlash bo‘yicha eng yirik dasturidir. Uning maqsadi atrof-muhitni muhofaza qilish va tiklash orqali paxtachilikning rivojlanishga yordam berish. Mahalliy hamkorlar tarmog‘i orqali mazkur dastur asosida 25 mamlakatda 2,5 milliondan ortiq fermerni barqaror dehqonchilik amaliyotiga o‘rgatgan. Hozirgi kunda jahon paxtasining qariyb chorak qismi “Better Cotton” standarti asosida yetishtiriladi.

O‘zbekiston va BCI o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, jumladan, qishloq xo‘jaligida ekologik barqarorlikni ta’minlash, iqlim ta’sirining oldini olish, paxta-to‘qimachilik tarmog‘ida xalqaro standartlar va mezonlarni o‘zgartirish hamda samarali joriy etishga keng yo‘l ochadi.

– Milliy komissiya tomonidan xalqaro hamkorlarning tavsiyalari asosida respublika to‘qimachilik sanoatiga BCI mezonlariga mos keladigan xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha alohida “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi, – dedi Tanzila Norboyeva. – Quvonarlisi, bugungi kunda ishlab chiqaruvchilarning o‘zlari ularni amalga oshirishdan manfaatdor. Ishonchim komilki, Ko‘p tomonlama muvofiqlashtiruvchi kengash Milliy komissiya doirasida BCI ishtirokida va fuqarolik jamiyati institutlarini faol jalb qilgan holda “yo‘l xaritasi”ni muvaffaqiyatli amalga oshirishga xizmat qiladi.

Tadbirda “Better Cotton” xalqaro nohukumat tashkiloti bosh direktori Alan Makkley O‘zbekiston dunyodagi 10 ta yirik paxta ishlab chiqaruvchi davlatlar qatoriga kirishiga urg‘u berdi.

– 12 yil davom etgan paxta boykotidan so‘ng o‘zbek paxtasiga bo‘lgan talab yanada oshdi. Bunga dunyo hamjamiyati ham qiziqish bildirmoqda. Shu sababli, biz O‘zbekiston hukumati va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan mamlakatingiz paxtasini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida hamkorlikda ishlamoqchimiz, – dedi Alan Makkley.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonning “Better Cotton” dasturida ishtirok etishi to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish, bandlikni ta’minlash, biznesning raqobatbardoshligini oshirishi va inklyuziv iqtisodiy o‘sishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

– bugungi davra suhbati keng qamrovli bo‘ldi, – dedi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov. – Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev va hukumat tomonidan majburiy mehnat bilan bog‘liq masalalarning to‘liq bartaraf etilishi soha rivoji uchun dadil qadam bo‘ldi. Bu boradagi ishlarni xalqaro hamjamiyat tan ola boshladi. 2022 yilning mart oyida “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan 12 yil davom etgan o‘zbek paxtasi va undan ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlarga e’lon qilingan boykot bekor qilindi. Albatta, bu tarixiy voqea, to‘qimachilik sanoati vakillari uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Biz buni kutib o‘tirmasdan xalqaro standartlarni joriy qilishni boshlagan edik. 2017 yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan klaster tizimi tatbiq etildi. Shu yili tajriba tariqasida paxta-to‘qimachilik klaster faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, hozirda ular soni 134 taga yetdi. Tadbirda xalqaro hamkorlar o‘zbek paxtasi haqidagi o‘z fikrlarini aytib o‘tdi. Shu sababli ham sohadagi imkoniyatlarni kengaytirish uchun xalqaro hamkorlik juda muhim hisoblanadi.

Davra suhbati yakunida O‘zbekistondagi “Better Cotton” dasturi doirasida barcha manfaatdor tomonlarning ustuvor yo‘nalishlari va hamkorlik maqsadlarini aks ettiruvchi qo‘shma rezolyutsiya imzolandi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA