Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Betakror va unutilmas musiqa oqshomi
18:47 / 2026-02-23

Yurtimizda musiqa ixlosmandlari uchun rang-barang va qiziqarli musiqiy dasturlar taqdim etilmoqda. Poytaxtimizning “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida italiyalik taniqli opera xonandasi Alessandro Safina ishtirokida bo‘lib o‘tgan katta konsert dasturi fikrimizning yorqin dalilidir.

Jonli ijroda, g‘oyat betakror va fayzli, ko‘tarinki ruhda tashkil etilgan mazkur konsert dasturi O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri jo‘rligida o‘tkazildi.  

Aytish kerakki, jonli ijrodagi musiqiy konsertlar xalqimiz tomonidan doim iliq kutib olingan. Mazkur konsert dasturi ham millati, yoshidan qat’i nazar, yurtdoshlarimizda katta taassurot qoldirdi.  

Opera va teatr xonandasi, dramatik tenor Alessandro Safina 1963-yil 14 oktyabrda Italiyaning  Siyena shahrida tug‘ilgan. U Niderlandiyadagi “The Night of the Proms” konsertidan keyin xalqaro miqyosda e’tirofga sazovor bo‘ldi. 2000-yilgi “Insieme a te” albomidagi “Luna” qo‘shig‘i  Gollandiya xit paradlarida  14 hafta  davomida eng yuqori o‘rinni egallab keldi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, Alessandro to‘qqiz yoshidan beri musiqaga ishtiyoqmand. Uning ota-onasi operaning ashaddiy ixlosmandlari bo‘lgan va bu ishtiyoqni o‘g‘liga yoshligidan singdirishga harakat qilgan.  

17 yoshida Alessandro Florensiyadagi Luidji Kerubini konservatoriyasiga o‘qishga kirdi. Tez orada u Yevropaning eng nufuzli sahnalarida eng mashhur operalardagi yetakchi partiyalarni ijro eta boshladi. 1989-yilda Katya Richcharelli nomli xalqaro vokal tanlovida birinchi sovrinni qo‘lga kiritdi.  

U bir qator operettalarni sahnalashtirishda faol qatnashdi. Ayni paytda o‘nlab musiqiy albomlarni chiqarishga muvaffaq bo‘ldi. Xonanda musiqaning bir necha yo‘nalishlariga qiziqadi.  

Alessandro Safinaning turli mamlakatlari bo‘ylab musiqiy safarlarda bo‘lishi, millionlab qalblarni zabt etgan holda konsertlar  taqdim etishi yaxshi an’anaga aylangan. U mamlakatimizda bir necha bor konsert dasturlarini taqdim etgan.  

– O‘zbekistonga kelib muxlislar uchun musiqiy dastur taqdim etish men uchun juda quvonchli, – dedi Alessandro Safina. – San’atni juda teran tushunadigan xalqingiz huzuridagi bu konsertlar doim fayzli va go‘zal tarzda o‘tgan.  

Darhaqiqat, musiqa oqshomi juda baland ruhda o‘tdi. Unda xonanda o‘z repertuaridagi eng mashhur qo‘shiqlarni muxlislarga taqdim etdi.  

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri