Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Betakror shoiramizning tabarruk yodi
15:33 / 2022-05-17

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

“Bayroqdek hilpirab vaqt kelayotir...” nomli adabiy-ma’rifiy kechada ijodkor ziyolilar, talaba-yoshlar , adabiyot muxlislari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid ko‘plab iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashda Halima Xudoyberdiyevaning xizmatlari beqiyos ekanini ta’kidladi. Shoiraning barcha she’rlari katta yurak, katta xotira, shijoat bilan bitilganini adabiyot fidoyilari doim e’tirof etadilar.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi asosida Sirdaryo viloyatida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabining tashkil etilgani ijodkor asarlarini targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Hassos shoira Halima Xudoyberdiyeva she’riyatida isyonkor ruh, milliylik, vatanparvarlik, samimiyat, onalar iztirobi ustuvor o‘rin egallaydi.

Adabiyotshunoslar fikricha, Halima Xudoyberdiyevaning ijodi 60-yillardan boshlangan bo‘lib, ijodkorning “Ilk muhabbat”, “Oq olmalar”, “Chaman”, “Suyanch tog‘larim”, “Bobo quyosh”, “Issiq qor”, “Sadoqat”, “Muqaddas ayol”, “Yuragimning og‘riq nuqtalari”, “Hurlik o‘ti”, “Bu kunlarga yetganlar bor”, “To‘marisning aytgani” kabi she’riy, nasriy kitoblari muxlislarning ma’naviy mulkiga aylangan.

Uning Fazu Aliyeva, Silva Kaputikyan, Ibroyim Yusupov ijodidan tarjimalari e’tiborlidir. Halima Xudoyberdiyeva o‘zining “Muqaddas ayol” nomli she’riy to‘plami uchun Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. 1992 yili shoiramizga  “O‘zbekiston xalq shoiri” faxriy unvoni berilgan. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Halima Xudoyberdiyeva “El-yurt hurmati” hamda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlariga munosib topilgan. E’tiborga molik jihati, hozirda Moskvada chop etilgan O‘zbekiston adabiyoti antologiyasidan O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva she’riyatiga ham keng o‘rin berilgan. Zero, uning XX asrning eng yaxshi shoiralaridan biri ekanini turli davlatlarning adabiyotshunoslari ham ko‘p bora e’tirof etadilar.

– Halima opa yodimizdan chiqmaydigan siymo,  – dedi taniqli jurnalist va shoira Qutlibeka Rahimboyeva. – U adabiyotimiz xazinasiga ajoyib she’rlar qoldirgan. Halima opa doim uyg‘oq, ruhni ko‘taruvchi, quvvat beruvchi she’rlar yozgan. U o‘zining "Saodat" jurnalidagi faoliyati davomida Eshqobil Shukur, Chori Latipov, Qo‘chqor Norqobil, Salim Ashur, Dilfuza Shomalikova kabi bir qator salohiyatli ijodkorlar bilan ozod ruh yarata oldi. Halima opa hammamizni fikrlashga chaqirar edi.

– Halima opaning she’riyati judayam milliy, xalqona she’riyatdir, – dedi taniqli shoir Salim Ashur. – Halima opa xalq dardini, millat dardini o‘z dardiga aylantirgan ijodkor edilar. Opa qanchalik buyuk ijodkor bo‘lsalar, shu qadar mard, mukammal inson, shaxs edilar.

Adabiy-ma’rifiy tadbirda ustoz shoiraning “Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor” kitobi taqdimoti o‘tkazildi.

San’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokida shoira she’rlari bilan kuylanuvchi qo‘shiqlar ijro  etildi.

 Nazokat USMONOVA, O‘zA