Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Betakror, barhayot, bardavom ayyom
11:47 / 2025-02-24

Navro‘z – boqiy, bebaho, betakror bayram. Xalqimiz bu ayyomni dilda mudom ezgu niyat, duolar bilan orziqib kutadi.

Prezidentimizning “2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori xalqimiz, keng jamoatchilik dilidagi gap bo‘ldi.   

Zero, “Navro‘z” so‘zining o‘ziyoq yuraklarga qancha nur, yorug‘lik, iliqlik, yaxshi kayfiyat bag‘ishlaydi. Ming yillardan buyon ushbu bahor bayrami xalqimizda yasharish, yangilanish, yaxshilikka yetishish, tinchlik, sog‘lik-omonlik, ona-tabiatning uyg‘onishi, ma’naviy va ruhiy poklanish, shukronalik, hayotning, tiriklikning, borliqning qadriga yetish ayyomi sanalgan.  

Navro‘zga bag‘ishlab qalam ahli she’r va g‘azallar, dostonlar, betakror badiiy asarlar bitganlar. Bahor, maftunkor tabiatning uyg‘onishi, inson ongu shuuridagi poklik, ma’naviy barkamollik musavvirlar ijodida ustuvor bo‘lgan. Hofizu bastakorlar nafis kuy-qo‘shiqlar yaratganlar.  

21 mart – kun va tunning tengligi. Tabiat va koinotda hech narsa, hech qaysi jarayon shunchaki, o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Ularning bari muayyan va qat’iy qonuniyatga bo‘ysundirilgan. Demakki, olamda yaralgan barcha narsalar, ne’matlar borki, bari hisobli. Navro‘z – umrning, vaqtning g‘animat, jonimiz, tiriklikning  mudom omonat ekani va uning qadriga yetmoqlikka chorlov, o‘ziza xos da’vat.  

Azaldan nuroniylarimiz, otaxon va onaxonlar bahorga, Navro‘zga barchamizni eson-omon yetkazsin, deb duolarga qo‘l ochadilar.

Navro‘zi ayyom – maftunkor tabiat bayrami. Unda el dasturxoni, xonadonlarimiz, ro‘zg‘orlarimiz barakasi haqida yil bo‘yi qayg‘urib, g‘amxo‘rlik qiladigan bobodehqonlar, mirishkor hamyurtlarimiz, ishning ko‘zini biladigan fermerlar, uddaburon otalarimiz ekin-tekin, hosil taraddudini ko‘radilar.  

Qushlarning bahordagi chug‘urlashi har qanday orkestr ijrosidagi kuydan, har qanday musiqadan afzalligiga yana bir bor ishonch hosil qilamiz. Bolajonlar chor-atrofi zumrad tusga kirgan kengliklardan, dalayu dasht, qir-adirlardan bahor ko‘katlari – yalpiz, jag‘jag‘, ismaloqlarni  terib keladilar. Tabarruk momolarimiz, buvijonlarimiz, onaxonlarimiz bahor gullarini “omonlik-somonlik, hech ko‘rmaylik yomonlik”, deb ko‘zlariga surtadilar. Kayvoni onaxonlar kelinlaru qizlarini yonlariga olib sumalak, halim, ko‘k somsalar tayyorlashga kirishadilar...

Mamlakatimizda bugun kechayotgan buyuk o‘zgarishlar bahoriy yangilanishlar, Navro‘z g‘oyalariga mujassam ekani bilan diqqatga sazovor. Shaharu qishloqlarimiz, mahalla va ovullarimizning qiyofasi yangilanmoqda. Ular yanada obod va ko‘rkam tusga kirmoqda.  

Yurtimizda milliy an’ana va qadriyatlarni qadrlash, ularni e’zozlash borasidagi yangi tashabbuslar xalqimiz tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Bunda katta-katta ijodiy loyihalarga qo‘l urilmoqda. Buyuk ajdodlarimiz bilan shunchaki faxrlanish bilan cheklanmay, ularning merosini o‘rganish, xorijdagi javohir ma’naviy xazinamizni daraklab, qidirib, topish, faksimile nusxalarini imkon qadar mamlakatimizga keltirish yo‘lida faol harakatlar boshlandi.  

Inson sha’ni, qadr-qimmati ustuvor ekaniga alohida e’tibor qaratilmoqda. Keksalar, bemorlarning salomatligini yaxshilash, ayollar va qizlar, yoshlar, bolalarni kuchli ijtimoiy himoyalashning amaliy chora-tadbirlari hayotga joriy etilmoqda. O‘tganlarning xotirasiga chuqur hurmat va ehtirom ko‘rsatilmoqda.  

Hali bahor kirib kelmasidanoq, “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlarini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Ko‘cha va xiyobonlar sarishta holatga keltirilmoqda. Xonadonma-xonadon yurib, oilalarning muammolari o‘rganilmoqda. Murakkab ahvolda qolgan oilalarga ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

Chor-atrofga daraxt ko‘chatlari, gul nihollari o‘tqazilmoqda. Bozoru rastalarda hamyurtlarimiz turfa gullar, ayniqsa, lola va nargiz gullarining piyozlari, anvoyi chechaklarning urug‘larini xarid qilishga, ularni yerga qadashga, parvarishlashga oshiqmoqda. Barcha joyda hasharu obodonlashtirish ishlari avjida. Mahallalar yanada obod bo‘lmoqda. Turar joy mavzelari, muqaddas qadamjolar, ziyoratgoh va qabristonlarda hasharlar o‘tkazilyapti.

Bahor ayyomi arafasida milliy an’ana va qadriyatlar targ‘iboti yanada o‘zini namoyon etadi. Sayllar, milliy o‘yinlarimiz, polvonlar kurashi, chevar qizlar ijod namunalarining ko‘rgazmalari, oshpazlarning mahorat musobaqalari  o‘tkaziladi. Baxshilar dostonlar aytadi. Uloq, ko‘pkari avjiga chiqadi.  

Ha, Navro‘z chindan ham ezgulik, mehr-muruvvat, xayr-saxovat, poklik ayyomi ekani har qadamda, har lahzada o‘zini to‘kis  namoyon etadi. Chindan ham Navro‘z barhayot, bardavom, betakror, o‘xshashi yo‘q  bayramdir!

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri