Kitob – inson tafakkurini shakllantiruvchi, uning ma’naviy olamini boyituvchi va dunyoqarashini kengaytiruvchi eng kuchli vositalardan biri. U shunchaki axborot manbai emas, balki inson ruhiyati, axloqi va madaniyatini tarbiyalaydigan beqiyos maktabdir. Biroq har qanday kitob ham bu vazifani bajaravermaydi. To‘g‘ri tanlanmagan asar, aksincha, kitobxon didining sayozlashishiga, adabiyotga bo‘lgan munosabatining yuzaki tus olishiga olib kelishi mumkin. Bugungi kunda adabiyot olamida kuzatilayotgan ommaboplikka intilish, “bestseller” tushunchasining mutlaqlashtirilishi ushbu muammoni yanada dolzarb etmoqda.
Adabiyot tarixiga nazar tashlasak, har bir davr o‘zining buyuk ijodkorlari va asarlari bilan yodda qolganini ko‘ramiz. Alisher Navoiy g‘azallari bilan inson qalbining eng nozik qatlamlarini ochib berdi, Bobur “Boburnoma” orqali tarix, shaxs va tafakkur uyg‘unligini yaratdi. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”i millat taqdirini badiiy tafakkur darajasiga ko‘targan bo‘lsa, Fyodor Dostoyevskiy “Telba” asarida inson ruhiyati va jamiyat ziddiyatlarini chuqur tahlil qildi. Bu asarlar vaqt elagidan o‘tib, bugun ham o‘z qimmatini yo‘qotmagan. Chunki ular modaga emas, insoniyatning badiiy tafakkurini yuksaltirishga xizmat qilgan.

Bugungi adabiy jarayonda esa boshqa bir holat ko‘zga tashlanadi. Ko‘pincha asarlarning badiiy-estetik qiymatidan ko‘ra ularning bozordagi o‘rni, sotilish darajasi ustuvor bo‘lib qolmoqda. Kitob peshtaxtalarini motivatsion shiorlar, qisqa aforizmlar va tez o‘qiladigan, ammo tez unutiladigan asarlar egallab bormoqda. Albatta, bunday kitoblarning ham qaysidir ma’noda o‘z o‘rni bor. Ammo ular adabiyotning yagona mezoniga aylanib qolsa, bu jiddiy muammo.
Taassufki, ayrim yozuvchilar ham zamon talabini bahona qilib, o‘z ichki pozitsiyasi va badiiy mas’uliyatini chetga surayotgandek. “Hozir o‘quvchi nimani xohlasa, shuni yozish” tamoyili adabiyotning ichki qonuniyatlariga zid keladi. Chunki adabiyot faqat talabni qondirish emas, balki didni tarbiyalash, fikrlashga undash, savol qo‘yish va javob izlash jarayonidir. Agar yozuvchi faqat ommaboplikni ko‘zlasa, u holda adabiyot san’at darajasidan, oddiy “mahsulot”ga aylanib qoladi.
Tarjima adabiyotida ham xuddi shunday holat kuzatilmoqda. Asar tanlashda badiiy qiymatdan ko‘ra moliyaviy manfaat ustun qo‘yilayotgani hech kimga sir emas. Natijada, jahon adabiyotining eng yuksak namunalari emas, balki tez sotiladigan, sarlavhasi jozibador asarlar tarjima qilinmoqda. Bu esa yosh kitobxonlarda adabiyot haqida noto‘g‘ri tasavvur shakllanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Eng xavotirli jihat shundaki, endigina adabiyot olamiga qadam qo‘yayotgan kitobxonlar shunday “bestseller” asarlarni haqiqiy adabiyot deb qabul qilib, uning chuqur ma’naviy qudratini his etmasligi ehtimoli bor. Adabiyotning yuzdan bir qismi ham sezilmaydigan bunday asarlar katta adabiy maktab o‘rnini bosa olmaydi.
Shu bilan birga, bugungi ijodiy muhitni faqat salbiy ranglarda ko‘rsatish ham adolatdan emas. Hozir ham chuqur tafakkur, badiiy izlanish va mas’uliyat bilan yaratilayotgan qiymatli asarlar mavjud. Faqat ularni ko‘rish, targ‘ib qilish va jamoatchilikka yetkazishni keng targ‘ib qilish lozim.
Adabiyot shunchaki o‘tkinchi mashhurlik emas, balki abadiy ma’naviy merosdir. U insonni o‘ylashga, o‘zini va jamiyatni anglashga majbur qilishi bilan qadrli. Shuning uchun ham haqiqiy adabiyot ommaboplik mezonlari bilan emas, vaqt sinovi bilan baholanadi. Bizning vazifamiz kitobxon sifatida ham, ziyoli sifatida ham badiiy qiymati yuksak asarlarni tanlash, targ‘ib etish va adabiyotning asl mohiyatini asrab qolishdir. Faqat shundagina kelajak avlod adabiyotni shunchaki o‘yinchoq yoki motivatsion vosita emas, balki inson ruhini yuksaltiruvchi buyuk san’at sifatida qabul qiladi.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA