Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi qachon o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi
15:46 / 2026-03-03

Joriy yil 16-19-iyun kunlari Toshkent shahrida xorijiy investorlar, hukumatlar, xalqaro moliya institutlari va global biznes yetakchilarini birlashtirgan Markaziy Osiyoning asosiy investitsiya maydoni – beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lum qilishicha, mazkur yubiley forumi 2025-yil iyun oyida o‘tkazilgan anjuman natijalarining mantiqiy davomi bo‘ladi.

Anjuman erishilgan natijalarni mustahkamlash va investitsiya muloqotini yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan. Ishtirokchilar geografiyasini kengaytirish, tarmoq yo‘nalishlarini chuqurlashtirish hamda amaliy natijadorlikni yanada kuchaytirish yubiley dasturining asosiy yo‘nalishlari bo‘ladi.

Qayd etish kerak, o‘tgan yilgi forumda 97 davlatdan sakkiz mingdan ortiq ishtirokchi, jumladan uch mingga yaqin xorijiy mehmon qatnashdi. Dastur doirasida 150 dan ziyod xalqaro spiker ishtirokida 36 ta panel sessiya tashkil etilgan edi. Yakunida umumiy qiymati 30,5 milliard dollardan ziyod bo‘lgan investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari imzolandi.

Forum global moliya institutlari tomonidan bildirilayotgan yuqori darajadagi ishonchni yana bir bor tasdiqladi, deyish mumkin. 

Jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso shunday dedi: 

– Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining investitsiya forumi kabi platformalarda ishtiroki Markaziy Osiyoning uzoq muddatli salohiyatiga bo‘lgan ishonchimizni va o‘zbekistonlik hamkorlar bilan birgalikda barqaror rivojlanish loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanimizni anglatadi.

“Linde” kompaniyasi rahbari Shteffen Rixter esa investitsiya muhitidagi ijobiy o‘zgarishlarni qayd etdi:

– Biz O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar uchun sharoitlarni yaxshilash borasida sezilarli qadamlarni ko‘ryapmiz. Bu strategik tarmoqlarda uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash uchun mustahkam zamin yaratadi.

Xalqaro investorlar e’tibori, avvalo, sanoat rivoji va energetika sohasiga qaratildi.

– Biz O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim ishlab chiqarish maydoni sifatida ko‘ramiz. Islohotlarning izchilligi va investorlar uchun ochiqlik uzoq muddatli sanoat faoliyati uchun ishonchli asos yaratmoqda, – dedi forum doirasida so‘zga chiqqan “Knauf” boshqaruv raisi Nikolaus Knauf.

O‘z navbatida, “Mangold Consulting” kompaniyasi raisi Klaus Mangold ham mamlakatning sanoat salohiyatini alohida e’tirof etgan: "Markaziy Osiyoda ishlab chiqarishni rivojlantirishga bu qadar qat’iy intilayotgan boshqa davlat yo‘q".

“Al Jazeera Media Network” bosh direktori Mostefa Suag esa quyidagicha fikr bildirgandi: “Biz O‘zbekistonda jiddiy transformatsion jarayonlarni kuzatyapmiz. Forum mamlakatning global muloqotga ochiqligini va xalqaro hamjamiyat bilan faol hamkorlikka tayyorligini namoyish etadi”.

Plenar sessiyalar bilan bir qatorda, forum doirasida yuzdan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokida yirik sanoat ko‘rgazmasi, shuningdek, yuzlab B2B va B2G uchrashuvlar tashkil etildi. 

Bugungi kunda Toshkent xalqaro investitsiya forumi oddiy yillik tadbir emas. U xalqaro kapital ishonchining ko‘rsatkichi, O‘zbekistonning global qiymat zanjirlariga integratsiyalashuv vositasi hamda Markaziy Osiyo bilan jahon bozorlari o‘rtasida uzoq muddatli sheriklikni shakllantiruvchi strategik maydondir.

2026-yil iyun oyida o‘tkaziladigan yubiley forumi ushbu ijobiy dinamikaning mantiqiy cho‘qqisiga aylanadi va O‘zbekistonning mintaqadagi eng faol hamda istiqbolli investitsiya markazlaridan biri sifatidagi mavqeini yana bir bor tasdiqlaydi.

Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA