Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Beshinchi tashabbus bo‘yicha yangi loyiha ishga tushdi
18:15 / 2019-04-16

Farg‘ona tumanidagi “Mindonobod” mahalla fuqarolar yig‘inida “Nozli saroy maskani” mas’uliyati cheklangan jamiyati foydalanishga topshirildi.


Prezident tashabbuslari – amalda

Farg‘ona tumanidagi “Mindonobod” mahalla fuqarolar yig‘inida “Nozli saroy maskani” mas’uliyati cheklangan jamiyati foydalanishga topshirildi.

Mamlakatimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun zamonaviy sharoitlar yaratish, xotin-qizlar bandligini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Farg‘ona viloyatida har bir tashabbus bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi loyihasi ishlab chiqildi. Ishga tushirilgan tikuv-trikotaj korxonasi ham ana shulardan biri.

“Mindonobod” massivida ham yangilangan namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar, ijtimoiy ob’ektlar qad rostlamoqda. Bu yerda ko‘plab ehtiyojmand oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va xotin-qizlar ham yangi uylar sohibi bo‘ldi. Tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi ushbu jamiyat ham shu yerda tashkil etilgani ular bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

– Tikuv-trikotaj korxonasi ishga tushirilishi bilan 120 ga yaqin xotin-qiz bandligi ta’minlandi, – deydi jamiyat rahbari Nargiza Asqarova. – Korxona ular yashayotgan uyga yaqin hududda ekani, farzandlari oldida bo‘lish ayollarimizga judayam ma’qul tushdi. Bu yerga zamonaviy texnologiyalar, eng so‘nggi rusumdagi tikuv dastgohlari o‘rnatilib, buyurtma asosida sifatli, xaridorbop mahsulotlar tayyorlanmoqda.

Yaqinda Farg‘ona tumanining Oqbilol qishlog‘ida yashovchi II guruh nogironi Muhayyo Abduqahhorova ko‘p qavatli arzon uydan 2 xonalisiga ko‘chib o‘tdi. Endi bu chevar uyi yaqinida ochilgan tikuvchilik sexiga ishga joylashdi. Muhayyo uyning qolgan kredit to‘lovlarini shartnoma asosida ishlab, o‘z peshona teri bilan to‘lashga imkoniyat yaratilganidan xursand.

– Kostyum tikish va bichish kurslarida o‘qib, chevarlikni yaxshi o‘rganib oldim, – deydi Muhayyo. – Biz kabi nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun Prezidentimizdan minnatdormiz.

Beshinchi tashabbus bo‘yicha 2019-2020 yillarda har bir tumanda mana shunday yengil konstruksiyali tikuv-trikotaj korxonalari qurish va ayollar uchun ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Korxonaning ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniev so‘zga chiqdi.