Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Beshikchilar sulolasi
17:28 / 2025-04-09

Gulistonlik Xurshidbek Karimov beshikchilar sulolasining yettinchi avlodi. U beshik, sandiq, ro‘zg‘or uchun ishlatiladigan o‘qlov, cho‘mich, g‘alvir, elak kabi hunarmandchilik mahsulotlarini yasash sir- asrorini dadasi Ibrohim bobo, onasi Mashrabxon ayadan o‘rgangan.

– Asli andijonlikmiz, Gulistonga otamning otalari, rahmatli Karim bobom kelganlar. Dadam shu yerda tug‘ilgan. O‘g‘lim Farruxjon mendan, men esa dadamdan, dadam Karim bobomdan, Karim bobom otalari Rustam bobomdan, Rustam bobom Ne’mat bobomdan, Ne’mat bobom Hotamjon bobomdan, Hotamjon bobom Arslon bobomdan o‘rgangan. Undan u yog‘i ham usta hunarmand bo‘lishgan deyishadi, ammo men bilmayman. Bilganlarim esa shu,–deydi beshikchilar sulolasi davomchisi.

Bir oyda qirq- qirq beshta, xomashyo yetarli bo‘lib tursa, undan ham ko‘p beshik, shunga yarasha sandiq, uy- ro‘zg‘or buyumlari yasab, qancha xonadonga quvonch ulashayotgan Xurshidbek Karimovning ortidan nafaqat u, butun a’zolari kam bo‘lgani yo‘q. Uning onasi hunarmand, Mashrabxon aya Karimova ham 2007 yilda ushbu hunar ortidan davlatimizning yuksak mukofoti “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan. 

– Asli Andijonlikman. 1967 yili Toshkent paxtachilik institutini tamomlab, Guliston shahrida istiqomat qiladigan uzoq qarindoshimiz, rahmatli Ibrohimjon akaga turmushga chiqdim. Qaynotam, qaynonam, turmush o‘rtog‘im, xullas, ular oilasi beshikchilik bilan shug‘ullanishar ekan. “Qo‘y qizim, paxtachilik sohasi senga og‘irlik qiladi. Qolaversa, ayollarning ishi emas, kun bo‘yi, ba’zan kechi bilan dalada yurishingga to‘g‘ri keladi” deya qaynotamning bir og‘izgina aytgan so‘zi bilan paxtachilik sohasida emas, hunarmandchilik sohasida mehnat qildim. Yaratganga shukr, qaynotam va qaynonam o‘z farzandlaridan ortiq ko‘rsa ko‘rardiki, kam ko‘rmasdi. Ular pandu nasihati, duolari sabab elda, yurtda hurmat qozondim. Birinchi Prezidentimizning shaxsan qo‘llaridan davlatimizning yuksak mukofotini olishga musharraf bo‘ldim,–deydi Mashrabxon aya.

[gallery-22723]

Aya bu yil 78 yoshni qarshi oldi. 3 nafar o‘g‘il, 2 nafar qizning onasi, 20 dan ortiq nabira, 15 dan ortiq chevaraning sevimli buvisi. Birozgina tobi bo‘lmasa-da, biz bilan uzoq suhbat qurdi. 1991 yildan 2020 yilga qadar, salkam o‘ttiz yil Toshkentda, Navro‘z, Mustaqillik bayramlari munosabati bilan o‘tkaziladigan davlat tadbirlarida o‘z qo‘llari bilan yasalgan hunarmandchilik mahsulotlari ila ishtirok etdi.

– Esimda, –deydi aya gapni hazilga yo‘yib.– Ana shunday tadbirlarning birida belaruslik mehmon tamaki trubkasi deb mendan o‘g‘il bolalarning sumagini sotib oldi.Tushuntirmoqchi bo‘ldim, ammo yaxshi narsa ekan, deya olib ketdi. Ertasiga qaytib kelib, “bu tamaki trubkasi emas, o‘zbeklarning sumagi ekan-ku” deydi. Rosa qahqaha bo‘lgandi. Bunday voqealar ko‘p bo‘lib turardi. Muhimi, hamma gap halollikda. Bu gaplarni bizga yoshligimizdan o‘rgatishgan. Hozirgilar birozgina chapaniroq, gap ko‘tarmaydi. Farzandlarimni mehnatga o‘rgatdim. Yaratganga shukr, kam bo‘lgani yo‘q. 

Mashrabxon aya va uning farzandlari beshikchilik, hunarmandchilikning ortidan shahar, viloyat, respublika miqyosida o‘tkazilgan “Tashabbus” va boshqa ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni ko‘p marotaba qo‘lga kiritishgan. 

Ayni vaqtda Guliston shahrining mahalla qismida – Mirzaobod tumanida uning kattagina ustaxonasi bor. Unda o‘n-o‘n besh chog‘li hunarmandchilik sir-asrorlarini o‘rganmoqchi bo‘lgan yoshlar hunar o‘rganib, mehnat qilayotgan bo‘lsa, ishsiz, kam ta’minlangan oilalar bekalari beshik uchun yopinchiq, ko‘rpa, ko‘rpacha, so‘zana va palaklarni tikadi.

To‘g‘risini aytganda, bir qarasang, hunarmandchilik sohasi osondek tuyuladi. Ammo uning ham o‘ziga yarasha qiyin tomonlari bor. Chunki, Mashrab aya, uning o‘g‘li Xurshidjon, nabirasi Farruxjon va shogirdlari tomonidan tayyorlanadigan beshik Toshkent, Farg‘ona, Jizzax, Samarqand beshiklaridan tubdan farq qiladi. Ular ko‘proq andijonlik hunarmandlar uslubida beshik yasashadi. Hatto, buyurtmaga asosan o‘zi tebranadigan, yig‘iladigan beshik ham tayyorlaydi. Beshik uchun asosan tol daraxti, uning butoqlaridan foydalaniladi. 

Bundan o‘ttiz- o‘ttiz besh yillar muqaddam, Andijondan beshik uchun ishlatiladigan qoratol novdalarini olib kelib, Sirdaryo viloyatining Mirzaobod, Boyovut, Guliston tumanlarida tomorqa xo‘jaligi bor xonadonlarga berib, “Besh yildan so‘ng foyda beradi” deya ektiradi. Bugun ana shu mijozlar xomashyo bilan uzluksiz ta’minlaydi. 

Respublikamizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish, bog‘-rog‘ yaratish ishlari ketyapti. Har bir kesilgan daraxtga esa moratoriy e’lon qilingan. Bu esa, aya, uning farzandlari ishiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolgani yo‘q. Shu boisdan, endilikda Rossiya davlatidan keltirilayotgan sosna daraxti yog‘ochlaridan foydalanishyapti. 

– Niyatlarimiz ko‘p. Birozgina tobim yo‘qroq. Bo‘lmasa, yangi viloyat rahbariga uchrashib, biron bir chog‘liroqqina yerdan 2-3 gektar atrofida yer so‘ramoqchiman, – deydi Mashrabxon Aya Karimova.– Unga beshik uchun kerak bo‘ladigan qora tol va terak ekib, uni parvarishlashni yo‘lga qo‘ymoqchiman. Chunki, tol besh yilda beshikka ishlatsa bo‘ladigan butoq beradi. Tag- tomiri bilan yerda qolib, yana ko‘karib chiqadi. Buning hech qanday ekologiyaga salbiy ta’siri yo‘q. Qaytanga chor-atrofga chiroy berib turadi. Buning ortidan hunarmandchilik sohasi rivojlanadi. Qancha kasb-hunarsiz, ishsiz yoshlar ishli bo‘ladi. 

Beshikchilar sulolasi davomchilari nafaqat yangi beshik, eski beshik, sandiqlarga qayta hayot bag‘ishlaydi. "Birov qirq yillik onasidan qolgan sandiqni, yana birov o‘zi yotgan, katta bo‘lgan yetmish- sakson yillik beshikni ko‘tarib keladi nabiralarim, chevaralarim, bizning yoshimizga kirib yursin, deya niyat qilib. Albatta, biz bundan xursand bo‘lamiz" deydi Xurshidjon.

Muhimi, bugun ular hunarmandchilikni rivojlantirish, shu sohaga qiziqishi bor bo‘lgan yoshlarga o‘zlari o‘rgangan, bilgan hunar turlarini o‘rgatishga harakat qilishyapti. Maqsad bobolaridan meros bo‘lib qolgan ko‘hna hunar turini avlodlardan avlodlarga meros qilib qoldirishdir.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri