Sirdaryo viloyati Guliston tumanidagi Beshbuloq mahallasida 2 ming 152 metr ichki yo‘llarga asfalt yotqizildi. Ushbu ishlar “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida fuqarolarning bevosita ishtiroki va tashabbusi bilan amalga oshirildi.
Mazkur loyiha 2842 nafar fuqaro tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. “Tashabbusli byudjet” dasturining 1-mavsumida g‘olib deb topildi. Ta’mirlash ishlari “Shaffof qurilish” elektron platformasida o‘tkazilgan tender asosida “Kamoliddin Fayz Baraka” MCHJ ga topshirildi. Korxonaning tajribali mutaxassislari tomonidan sifatli asfalt yotqizildi va yo‘l infratuzilmasi tubdan yaxshilandi.

Loyiha doirasida Sohibkor, G‘azna, O‘rikzor, Shodlik, Koinot va Mevazor ko‘chalari qamrab olindi. Ilgari chang-to‘zon va botqoqqa aylangan yo‘llar hozirda obod va zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Bu nafaqat fuqarolarning kundalik turmushini yengillashtirdi, balki yuk va yo‘lovchi transporti harakati uchun xavfsiz va qulay bo‘ldi.
Loyiha uchun davlat byudjeti hisobidan qariyb 1,5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Mahalla faollarining ta’kidlashicha, ushbu amaliy ishlar kelgusidagi boshqa infratuzilmaviy tashabbuslarga ham poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

– Men bu mahallada ellik yildan beri yashayman, – deydi Hakima aya Suvonova. – Ilgarilari bu ko‘chalarda piyoda yurishning o‘zi qiyin edi. Bolalarim va nabiralarim yog‘ingarchilik kunlarda ko‘chadan yurib kelgandan so‘ng kiyimlariga qarab bo‘lmasdi. Endi esa ko‘chalarimiz ravon, toza — ko‘nglimiz ham ochildi. Yo‘limizga asfalt yotqizildi. Buning uchun Prezidentimiz va hukumatimizga va bu ishga sababchi bo‘lganlarning barchasiga rahmat. Ilohim bunday xayrli va savobli ishlar yurtimiz bo‘ylab tobora quloch yozaversin.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri