Jurnalist surishtiruvi
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Dehqonobod kaliy zavodining shlam hovuzidan sizib chiqayotgan suv hududdagi ekovaziyatga salbiy ta’sir qilayotgani xususidagi xabarlar jamoatchilikning keng muhokamasiga sabab bo‘ldi.
O‘zA muxbiri voqea joyiga bordi va holatni o‘rganishga harakat qildi.
Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi Beshbuloq qishlog‘ida ko‘plab buloqlar bor. Shu yerlik aholi bu buloqlardan ichimlik suvi sifatida foydalangan, shuningdek, chorva va ekin maydonlarini sug‘orib kelgan. Lekin bugunga kelib, ushbu buloq suvlaridan beshbuloqlik aholi chorvasini ham, ekin maydonlarini ham sug‘ora olmay qoldi. Nega?
Bunga sabab qilib, qishloq aholisi Dehqonobod kaliy zavodining shlam hovuzidan sizib chiqayotgan suvning buloq suvlariga aralashib ketayotganini ta’kidlamoqda.
Buloqlar suvlaridan hosil bo‘lgan irmoq bo‘ylab yurdik, har ikki tomonini qalin tuz qatlami qoplagan. U yerga yondosh qurilgan uy-joylarning ham asos qismi sho‘r ta’sirida yemirila boshlagan. Buloq suvlarining sho‘rlanishi ortidan bir paytlar yashillikka burkangan adirlar qaqragan. “Tuz hosilalari tufayli hatto daraxtlar qurigan” deydi aholi vakillari.
– Buloq suvlarini kislotali tuz bosib ketdi. Mevali daraxtlarimiz qurib ketdi, – deydi Oymingish To‘raqulova. – Irmoq yoqasidagi yerlarda dehqonchilik qilar edik. Bugunga kelib buning ham iloji bo‘lmay qoldi. Chorvani ham sug‘orib bo‘lmaydi. Zavod qurilgandan beri shu holat bo‘lib qoldi. Ilgari buloqning suvidan foydalanar edik. Uylarimizning ichigacha zax ko‘tarilib ketgan. Uylarni ta’mirlayveramiz, tuzning ta’sirida yana o‘pirilib tushaveradi. Ko‘p joylarga murojaat qildik, lekin natija yo‘q. Suv bo‘lmagach hayot yo‘q. Biz yashashga qiynalib qoldik.
Suv yo‘li bo‘ylab yuqoriga harakatlanamiz. Haqiqatda soy suvining sho‘rlanish darajasi yuqori. Birorta suv jonivorlari yoki o‘simlik dunyosini kuzatmaysiz. Go‘yo o‘lik suv havzasi.
Nihoyat zavodning shlam yig‘ish havzasiga yetib bordik. Borganimizda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi nazorat inspeksiyasi viloyat boshqarmasi mutaxassislari tomonidan suvdan namuna olish va vaziyatni o‘rganish ishlari jarayoni ustidan chiqdik. Mutaxassislar suvlardan namuna olayotgan ekan.
Mavjud holat bo‘yicha ulardan ham izoh so‘radik.
– Beshbuloq aholisi buloq suvlarining ifloslanishidan, mevali daraxtlari va ekinlari sho‘r ta’sirida qurib ketayotganidan ko‘p marta shikoyat qilgan, – deydi Qashqadaryo viloyat Ekologiya boshqarmasi monitoring bo‘limi bosh mutaxassisi Barno To‘qliyeva. – Bu gal ham murojaat yuzasidan kelganmiz. Buloqlardan, sizib chiqayotgan suvlar aralashayotgan qismidan, shlam hovuzining o‘zidan belgilangan me’yorlarga asosan namunalar oldik. Har safar shunday qilganmiz. Tahlillar har xil chiqadi. Bu namunalarni tekshiramiz va natijasi keyin ma’lum bo‘ladi. Bundan oldingi oxirgi namuna olganimiz o‘tgan yilning oktyabr oyida edi. Uning natijalariga ko‘ra, buloqlarning suvlari azaldan tabiiy sho‘r. Lekin shlam hovuzining to‘g‘risidan sizib chiqayotgan suvning qo‘shilishi natijasida sho‘rlanish darajasi keskin ortgan. Qizg‘ish rangi haqida biror narsa deya olmaymiz. Sababi bizning metodikalarimizda, ya’ni viloyat attestatsiyamizda qo‘shimcha tahlillarimiz yo‘q. Tarkibini, sho‘rlanish darajalarini tahlil qilamiz.
– Oldingi tahlillarda shlam hovuzidan suv sizib chiqib buloq suvlariga qo‘shilayotganligi fakti aniqlanganmi?– so‘raymiz undan.
– Buni fakt qilib aytolmayman. Chunki shlam hovuzdan truba yoki boshqa narsa orqali suv soyga oqib qo‘shilayotgani yo‘q, – deydi B. To‘qliyeva. - Men faqat tahlil natijasini aytishim mumkin. Qo‘shilgan yoki qo‘shilmaganini ayta olmayman. Chunki bunga isbotim yo‘q. Lekin o‘sha hovuz to‘g‘risidan sizib chiqib, soyga qo‘shilayotgan suv sho‘rlanish darajasini oshirib yuborayotganini aniq ayta olaman.
Zavoddan chiqqan suvni yig‘ish inshootining shundoq yonidagi manzaralar bir qaraganda haqiqatdan ham inshootda nosozlik bo‘lgani xususidagi tasavvurni uyg‘otadi kishida. Biroq bu xulosa chiqarishga asos bo‘lmaydi, deydi mutaxassislar.
Suv yo‘nalishi bilan borilganda yerning sho‘rlanish darajasi oshib borishini atrofdagi manzaradan ham ko‘rish mumkin. Holatga oydinlik kiritish maqsadida zavod mutasaddilari bilan ham uchrashib, izoh olishga harakat qildik.
– Bu holat bo‘yicha qishloq aholisi bir necha marta murojaat qilgan. Mutaxassislar kelib tekshirgan. Shlam hovuzining atrofida nazorat quduqlari bor. Agar u teshilgan bo‘lsa va suv sizib chiqsa, avvalo nazorat quduqlarida ko‘rinadi, – deydi Dehqonobod kaliy zavodi boshqaruv raisining transport logistika va umumiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Jamshid Yusupov. – Ushbu zavod tajribali mutaxassislar tomonidan loyihalashtirilgan va eng so‘nggi ilmiy yechimlar asosida qurilgan. Ekolog mutaxassislarning tekshiruvlarida shlam hovuzidan pastdagi suv namunalari tepadagi suvlardan olingan namunalarga nisbatan ozgina balandroq sho‘rlanishni ko‘rsatgan. Sababi, ochiq suv havzasi, shamolli hudud, shamol natijasida tuz changlari uchib suvlarga aralashishi mumkin. Ammo bunga zavodning ta’siri yo‘q. Konlarimiz zavoddan 8-9 kilometr uzoqlikda joylashgan.
– Demak sizningcha, shlam hovuzidan pastdagi suvlarning sho‘rlanishiga zavodning aloqasi yo‘q, ya’ni shlam hovuzidan hech qanday suv sizib chiqmagan, shundaymi, so‘raymiz undan.
– Bu yer shamolli hudud hisoblanadi. Shlam hovuzimizning usti ochiq. Uning changi uchishi evaziga pastdagi suvlarning rangi qizargan bo‘lishi mumkin, – deydi J.Yusupov. – Aslida zavodning 500 metrgacha sanitar hududi bo‘lishi kerak. Qoida bo‘yicha mana shu oraliq ichida aholi yashashi, chorva mollarini boqish mumkin emas. Lekin biz buni cheklab qo‘ya olmaymiz. Yillar davomida zavod atrofida aholi ko‘paymoqda. Boisi tabiiy gaz, uzluksiz elektr va boshqa-boshqa barcha infratuzilma mavjud. Bundan tashqari, yildan yilga yog‘ingarchilik kamayib bormoqda va yer osti suvlarining ham sho‘rlanish darajasi ortmoqda.
[gallery-15974]
Zavod mas’ullarining so‘zlariga tayanilganda suv yig‘adigan inshoot maxsus talablar asosida qurilgan bo‘lib, uning texnik holati doimo nazorat qilib boriladi. Mas’ullar suvdagi sho‘rlanishni yog‘ingarchilikning kamayishi bilan bog‘lab, shunday bo‘lsa-da, hali bu borada chuqurroq tahlil olib borilishini, qishloq ahli uchun toza ichimlik suvi va chorva uchun maxsus rezervuar qurib berilishini ma’lum qildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/HUgl687iKSg" title="Beshbuloqdagi buloq suvlarining shoʻrlanib ketishiga sabab nima?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, balki haqiqatda ham zavodning shlam hovuzlaridan suv sizib chiqmayotgandir, ushbu holat tabiatning so‘nggi yillardagi injiqliklari, yog‘ingarchiliklarning keskin kamayishi natijasidir. Lekin nima bo‘lganda ham Beshbuloq qishlog‘i atrofida yuz berayotgan ekologik falokatga tez fursatda ijobiy yechim topilmasa, uning ta’siri kelgusida bundanda og‘irroq bo‘lishi mumkin.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat, video),
O‘zA muxbirlari