Yurtning obod va farovonligi mahallalardan, xonadonlardan boshlanishi rost gap.
Hayotga izchil tatbiq etilayotgan "Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturi bugun chekka-chekka hududlardagi aholi punktlarida zamonaviy infratuzilmalar yaratilishi, ta’lim muassasalari, dam olish maskanlari-yu, qator xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining bunyod etilishi, yangi qiyofa kasb etayotgan ob’ektlarda aks etmoqda. Bu dastur ezgu harakatga aylanib, xonadonlargacha kirib bordi, shu bois obod xonadonlar ko‘paymoqda.

Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi "Beshbuloq" mahallasi ana shunday yangicha qiyofaga kirib borayotgan, bir-biridan obod xonadonlari kun sayin ko‘payib borayotgan maskanlardan biridir. Mahallada "Obod qishloq" va "Obod mahalla" Davlat dasturlariga muvofiq yirik obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.

To‘rt yarim ming kishi istiqomat qilayotgan mahallada aholi 100 gektarga yaqin tomorqalarida asosan sabzavot mahsulotlari yetishtiradi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, bu hududda tomorqadan foydalanish madaniyati boshqa hududlarga nisbatan yaxshi shakllangan. Qishloqning deyarli har bir xonadonida manzarali va mevali daraxtlar qunt bilan parvarishlanadi. Bir so‘z bilan aytganda beshbuloqliklarni yerning har qarichidan unumli foydalanish ko‘nikmalarini puxta egallagan xalq, deyish mumkin.

Viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev mazkur mahallada bo‘lib, bu yerda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirish barobarida mahalla qabristonidagi obodonlashtirish ishlari, aholining tomorqalaridan oqilona va samarali foydalanishlari, shuningdek aholining mamlakatimiz va dunyo miqyosida bo‘layotgan o‘zgarishlarga munosabatlari bilan ham qiziqdi.
Beshbuloqda aholi uchun barcha qulaylik, shart-sharoitlar yaratish borasida vazifalar belgilab olindi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA