FOTOREPORTAJ
O‘zining biror bir ishi, kashfiyoti, asarlari bilan dunyo ahlini lol qoldirish oson ish emas. Lekin shunday insonlar borki, ularning ijodini jahon tan olgan.
Ana shunday o‘zbek rassom-karikaturachisi, jahon “Karikaturaning 100 buyuk ustasi” ro‘yxatiga kirgan beshariqlik mashhur karikaturachi rassom, Mahmudjon Eshonqulovning asarlari Italiya, Turkiya, Yaponiya, Xitoy, Bolgariya, Braziliya, Ruminiya, Serbiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarning yumor va karikatura muzeylarida saqlanib kelinmoqda. Uning ijodi bilan tanishar ekansiz, jamiyatda uchraydigan qusur va kamchiliklarni karikatura va yumor orqali o‘quvchiga qoyilmaqom tarzda tushuntirib berganiga guvoh bo‘lasiz.
Mahmudjon Eshonqulov chindan ham o‘z ishining ustasi, respublikamiz va xorijda o‘tkazilgan mingdan ziyod jamoaviy karikatura va yumor ko‘rgazmalarida ishtirok etib, 300 dan ortiq tanlov g‘olibiga aylangan. Qolaversa, Mahmudjon aka Dunyo karikaturachi rassomlar ittifoqi a’zosi hamdir.
Rassom o‘z asarlari orqali hayotimizdagi kamchiliklar va illatlarni fosh etib, global ekologik muammolarga o‘z munosabatini bildiradi va shu orqali barchani sergaklikka, muammolarga befarq bo‘lmaslikka undaydi. Zero, karikatura ham san’atning bir turidir. San’atga oshno bo‘lgan qalblarda esa faqat ezgulik, yaxshilik tuyg‘ulari ildiz otaveradi.
[gallery-22812]
Ta’kidlash kerak, Beshariq tumani madaniyat markazi binosida karikatura galereyasi tashkil etilgan bo‘lib, bu maskan tuman aholisi va mehmonlarning sevimli maskaniga aylangan.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA