Beshariqdagi “YASIN QURILISH MOLLARI” korxonasining sement mahsulotini O‘zbekistonda yaxshi bilishadi. U muvofiqlik ko‘rsatkichlariga to‘liq mosligi, aralashmasi qotganda mustahkamlik darajasi yuqoriligi bilan quruvchilar ishonchini qozongan. Lekin hozir gap “YASIN” brendi bilan chiqayotgan sement haqida emas.
O‘zbekiston mustaqilligi bayrami arafasida bu yerda an’anaviy va yangi turdagi qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi “YASIN HONBANG” korxonasi faoliyatini boshlagan edi. U tez oradayoq tilga tushdi. Sababi yana mahsulot sifati bilan bog‘liq edi.

–O‘zbekistonda investitsion muhitning qulayligi sababli hamkorlarimiz bilan yangi loyihalarni ishga soldik. Endi kafel kleylari, bino ichki va tashqi bo‘yoqlari, shpoklovkalar hamda har xil qurilish materiallari ishlab chiqarilyapti, – deydi “YASIN QURILISH MOLLARI” korxonasi direktori Erkinjon Mahmudov.
Bulardan tashqari, qurilishda binolarni pardozlash bilan bog‘liq suvoq, kley, suvbo‘yoq, ichki va tashqi devor bo‘yoqlari, suvga chidamli va suvyuqtirmas bo‘yoqlar, hatto tosh bo‘yoqlargacha o‘ttiz turdagi mahsulotlar yetkazib berilyapti. Ularning aksariyati import o‘rnini bosuvchi mahsulotlardir.

–Kafel kleyi namgarchilikni saqlab turadi. Yuqoriga chiqarmaydi, –deydi korxona rahbari. –Bino bo‘yoqlari nafaqat chiroy beradi, balki ulardan foydalanish muddatini uzaytiradi. Chunki ular havo o‘tkazuvchandir.

Biz bu kabi qurilish mahsulotlarini nega savdo do‘konlarida uchratmayotganimiz sababini so‘radik. Korxona rahbari Erkinjon Mahmudovning aytishicha, mahsulotlar Toshkent, Samarqand, Navoiy, Namangan viloyatlarida katta-katta binolarda sinovdan o‘tdi. Korxona xozirgi kunda faqat buyurtma asosida ishlayapti.

Yana shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, “YASIN HONBANG” qurilish mahsulotlari korxonasi loyiha qiymati bir million dollarni tashkil etadi. U yiliga 40 ming tonnadan ziyod yangi turdagi qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/NfmQxi800Zc?si=_vTqMS6rH3pHBa45" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video,surat),
O‘zA muxbirlari