Farg‘ona viloyatida Beshariq, Buvayda tumani va Quvasoy shahri birinchilardan bo‘lib, g‘alla shartnomaviy rejasini bajardi.
Viloyatda g‘allachilikda yaxshi tajriba yaratilganligi mo‘l hosil olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mirishkorlar joriy yilda ham g‘alla parvarishini agrotexnik tadbirlar asosida olib bordi.Ayni kunlarda hududlarda o‘rim mavsumi uyushqoqlik bilan tashkil etilib, don peshma-pesh omborlarga yetkazilmoqda.

Beshariq tumani g‘allakorlari davlatga tovar don sotish rejasini bajarib, 22 ming 400 tonna sara don xirmoni yaratildi. Bu yil tumanda 9 ming 45 gektar maydonda boshoqli don parvarishlandi. 189 ta fermer xo‘jaligi, 3 ta don klasteri va kooperatsiya 21098 tonna don yetishtirishga shartnoma imzolagan edi. Har gektar yerdan o‘rtacha 60 sentnerdan hosil olindi. Ilg‘or fermer xo‘jaliklarida bu ko‘rsatkich 85-90 sentnerdanga to‘g‘ri keldi.
Tumandagi “Qosimboy kelajagi”, “Inomjon Abdumalikov”, “Turdiyev Hamzali Turdiyevich” don klasterlari, “G‘ofurjon Nabiyev”, “Tolibjon Mahmudov”, “Farxod Xudoyberdiyev”, “Abdurashid Umarov”, “Inomjon Abdumalikov” kabi fermer xo‘jaliklarida hosildorlik ortib, peshqadamlar safida reja uddalandi.

Joriy yil hosili uchun Buvayda tumanidagi 196 ta fermer xo‘jaliklarining 7 ming 305 gektar maydonida boshoqli don parvarishlandi. G‘alla mavsumini tizimli tashkil etish maqsadida 28 ta o‘rim-yig‘im otryadlari tashkil etildi. O‘rim kombaynlari, g‘alla tashish texnikalari yordamida hosil sifatli o‘rib olinib, omborlarga yetkazildi. Fermer xo‘jaliklari tomonidan davlat ehtiyoji uchun 18 ming175 tonna tovar don yetkazib berish bo‘yicha belgilangan reja ortig‘i bilan bajarildi. “Nuri baxt”, “Istiqlol”, “Bahromjon-Ahrorjon -2020” “Imomali Qosimovich”, “Qilovtepa tongi”, “Aliqulova Anorxon Odilovna” Hojimurod Muhammadqodir paxtakor”, “Komiljon Meliboyev”, “Sardorbek Asadbek fayz” singari fermer xo‘jaliklari gektaridan 60-65 sentnerdan hosil oldilar.

Quvasoylik mirishkor fermerlar ham 900 tonnadan ziyod sara don yetishtirib, peshqadam bo‘lishdi.
M. Sulaymonov, O‘zA