Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Besh yilda narkojinoyatlar soni 2 baravarga oshgan
13:00 / 2025-12-18

Qonun loyihasiga sharh

So‘nggi yillarda giyohvandlik vositalari va ularning analoglari aylanmasida kuzatilayotgan qonunbuzarliklar soni oshib bormoqda. Masalan, oxirgi 5 yilda mamlakatimizda aniqlangan narkojinoyatlar soni 2 baravarga, noqonuniy muomaladan olingan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar miqdori 67 foizga ortgan. Shundan sintetik giyohvandlik vositalarining aniqlangan holatlari karrasiga ko‘paygan.

Huquq-tartibot organlari tomonidan ko‘rilayotgan tizimli chora-tadbirlar natijasida 2024 yilda 5 ta g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya faoliyati fosh etilgan bo‘lsa, joriy yilning 10 oyida mazkur ko‘rsatkich 12 taga yetgan. Achinarlisi, narkotiklar aylanmasiga ayrim mansabdorlar homiylik qilayotgan, ularning farzandlari bu ish bilan shug‘ullanayotgan holatlar aniqlangan. Ba’zi profilaktika inspektorlari xizmat uyida narkolaboratoriya tashkil qilgan holatlar ham qayd etilgan.  

Tahlillarga ko‘ra, musodara qilingan sintetik narkotiklar 5 yil ichida 80 baravarga ko‘paygan. Jazoni o‘tab chiqqanidan keyin yana narkojinoyat sodir etayotganlar soni oxirgi 4 yilda 125 foizga oshgan. Achinarlisi, talaba-yoshlar va maktab o‘quvchilari orasida narkotik moddalar bilan muomala qilish holatlari ko‘payib bormoqda.

Bu kabi holatlar mavjud tahdidlarning oldini olish va aholi salomatligini himoya qilishda huquqiy ta’sir choralarini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shu maqsadda giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilib, parlament quyi palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, Jinoyat kodeksiga narkotiklarning noqonuniy muomalasiga hokimiyat (mansab) vakolatlarini suiiste’mol qilish yo‘li bilan homiylik (rahnamolik) qilish hamda g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish va uning faoliyat yuritishini ta’minlash kabi qilmishlar uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi normalar belgilanmoqda.  

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga esa giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni jamoat joylarida iste’mol qilganlik uchun javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.  

Bundan tashqari, bu turdagi jinoyatlarni qayta sodir etilishining oldini olish maqsadida jinoiy javobgarlikni og‘irlashtirish masalasi ko‘zda tutilmoqda. Xususan, o‘ta og‘ir turdagi ayrim narkojinoyatlar uchun muddatidan oldin jazoni o‘tashdan ozod qilish tartibini qo‘llamaslik belgilanmoqda.  

Kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni kontrabanda qilganlik uchun 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi taklif etilmoqda. Amalda 5 yildan 10 yilgacha edi.

Kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni ta’lim tashkilotlarida, ozodlikdan mahrum qilish joylarida internet tarmog‘idan foydalanib, xavfli yoki o‘ta xavfli retsidivist tomonidan muomalaga kiritilganlik uchun esa 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi ko‘zda tutilmoqda. Amalda bu 3 yildan 5 yilgacha edi.  

Voyaga yetmaganlar va talabalarni bu jinoyatlardan himoya qilish maqsadida yotoqxonalar, bolalar oromgohlari, ta’lim tashkilotlariga tutash hududlarda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘tkazganlik uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi taklif etilmoqda. Ayni paytda amalda 3 yildan 5 yilgacha edi.  

Qonun loyihasi giyohvand moddalarning qonunga xilof muomalasini cheklash barobarida aholi salomatligini muhofaza qilish, millat genofondini asrashda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA