O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasida mahallalardagi nogironligi bo‘lgan shaxslar, xususan, yuksak iroda sohiblari-yu, matonatli yoshlarimiz ishtirokidagi “Besh tashabbus paralimpiadasi” ommaviy sport musobaqalariga rasman start berildi.
Unda O‘zbekiston sport vaziri Adham Ikromov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev va boshqalar ishtirok etdi.
Joriy yilgi “Besh tashabbus paralimpiadasi” ommaviy sport musobaqalariga tayyorgarlik jarayoni yuqori saviyada o‘tdi. Ayniqsa, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy yildagi “Besh tashabbus paralimpiadasi” sport musobaqalarida ishtirok etish istagida bo‘lgan nogironlar uchun qulay imkoniyatlar yaratilishi, nafaqat paralimpiya sport turlari, balki, Surdolimpiya, Maxsus olimpiya va Ko‘zi ojizlar sporti turlariga alohida e’tibor qaratildi.
Adaptiv sport turlarining soni ortishi bilan bir qatorda, ishtirokchilarning yosh toifalariga bo‘lgan cheklovlar bekor qilindi. Shuningdek, 5tashabbus.uz elektron platformasi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi elektron bazasi bilan integratsiya qilindi. 17 fevral kunidan 10 aprelga qadar davom etgan ro‘yxatdan o‘tish jarayonida 79 ming nafar hamyurtimiz “Besh tashabbus paralimpiadasi” sport musobaqalarida ishtirok etish istagida ariza topshirdi.
Bugundan boshlab 30 aprelga qadar yurtimizning 42 ta tuman va shaharlarida “Besh tashabbus paralimpiadasi” sport musobaqalarining ilk bosqichi o‘tkaziladi. Tuman va shahar bosqichi g‘oliblari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar saralash bosqichida ishtirok etadi.
Respublika final bosqichi joriy yilning iyun oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/eKuUYOaBCMU" title="“Besh tashabbus paralimpiadasi” start oldi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Javohir Toshxo‘jayev, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA