Bugun, 16-may kuni mahallalardagi nogironligi bo‘lgan yoshlar o‘rtasida o‘tkazilishi belgilangan “Besh tashabbus paralimpiadasi” ommaviy sport musobaqalarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saralash bosqichi bahslari boshlanadi.
Respublika final yo‘llanmasini taqdim etadigan mazkur musobaqalarda 8 ta para sport turi bo‘yicha tuman va shahar bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 3328 nafar yoshlar ishtirok etadi. Ahamiyatli jihati, ularning 1664 nafarini matonat sohibi bo‘lgan xotin-qiz para sportchilar tashkil etgan.

“Besh tashabbus paralimpiadasi” o‘yinlarining dastlabki musobaqalari 16-may kuni Samarqand viloyatidagi hududiy saralash bosqichi bilan start oladi.

Shundan so‘ng 17-may kuni Navoiy va Namangan viloyatlarida, 18-may kuni qolgan hududlarda saralash bellashuvlari tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, musobaqaning hududiy saralash bosqichi g‘oliblari joriy yilning 18-20-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Respublika final bosqichida “Besh tashabbus paralimpiadasi” g‘olibligi uchun kechadigan kurashlarda ishtirok etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA