Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida start olgan “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqasining yengil atletika bo‘yicha respublika bosqichining “B” ligasi bellashuvlari yakuniga yetdi.
Qizg‘in va murosasiz ruhda o‘tgan mazkur musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda poytaxtimizdan saralangan jamoalar tarkibidan o‘rin olgan sportchilar 16-21, 22-26, 27-30 yosh toifalarida g‘oliblik uchun o‘zaro bahslashdi. Musobaqada atletlarning xatti-harakatlari malakali hakamlar tomonidan kuzatib, adolatli baholab borildi.


O‘ndan ortiq sport musobaqalari va turli tanlovlarni o‘ziga qamrab olgan “Besh tashabbus olimpiadasi” har yili mahallalarda minglab yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga oshno etish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ertamiz egalarining intellektual salohiyatini rivojlantirish hamda ularning orzu intilishlarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.

Sport vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Namangan viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan Respublika turnirining yakuniy natijalariga ko‘ra, 16-21 yosh toifasida o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan Qashqadaryo viloyati terma jamoasi zafar shohsupasiga ko‘tarildi.

22-26 yoshdagi ayol-qizlar hamda erkaklar o‘rtasida kechgan raqobatda chopqirligi bilan ajralib turgan mezbonlar, ya’ni Namangan viloyati sportchilariga teng keladigan jamoa topilmadi.
27-30 yosh ayollar o‘rtasida alohida faollik ko‘rsatgan Navoiy viloyati Xatirchi tumani jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, xuddi shu toifada erkaklar ishtirokida jamoalar bahsida mahorat ko‘rsatgan namanganlik atletlar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.


Chempionat so‘nggida tashkilotchilar tomonidan g‘olib va sovrindor jamoalar diplom, medallar va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA