English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Besh tashabbus olimpiadasi”ning yangi mavsumi
21:50 / 2024-03-11

Andijonda “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2024-yil mavsumiga start berildi.

Mashhur sportchilar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida joriy yil mavsumi boshlanishiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda so‘z olganlar tomonidan Prezidentimiz tashabbusi bilan mahalla, umumta’lim maktablari, professional kasb ta’limi muassasalari o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlari talaba- yoshlarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy sport o‘yinlari va sport turlarini yoshlar o‘rtasida ommalashtirish, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazib kelinayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” yoshlarga keng imkoniyatlar eshigini ochib berayotganligi ta’kidlandi. 

“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida mahalla yoshlaridan tuzilgan jamoalar o‘rtasida “Zakovat”, “Quvnoqlar va zukkolar” intellektual o‘yinlari, “Yoshlar raqs” festivali, “Yosh kitobxon”, “Milliy va zamonaviy cholg‘u ijrochiligi” ko‘rik-tanlovlari, shuningdek, sportning shaxmat-shashka, “Street Workout”, yengil atletika, stol tennisi, voleybol, stritbol, milliy kurash, kibersport, umuman, 26 yo‘nalish bo‘yicha festival, tanlov va sport musobaqalari o‘tkaziladi. 

[gallery-16347]

– “Besh tashabbus olimpiadasi”ning festival, tanlov va sport musobaqalari yoshlar orasida keng ommalashib bormoqda, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ulug‘bek Qobiljonov. – O‘tgan yili olimpiadaning birinchi va ikkinchi mavsumlari doirasidagi tadbirlarda viloyatdagi 909 ta mahalladan qariyb 740 ming nafarga yaqin yosh ishtirok etgan. Joriy yilda ham tanlov va sport musobaqalarida yoshlarimiz yanada faol qatnashadi. 

Joriy yildagi tanlov va musobaqalarda korxona, tashkilotlarning 30 yoshgacha bo‘lgan yosh xodimlari ham ishtirok etishi belgilangan. 
“Besh tashabbus olimpiadasi” tanlov va sport musobaqalari jamoalar o‘rtasida sektor, tuman, shahar, viloyat bosqichlari doirasida bo‘lib o‘tadi. 

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari