Ommaviy sportni rivojlantirish, mahoratli yoshlarni sport turlariga seleksiya qilish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini keng yoyishda “Besh tashabbus olimpiadasi” o‘yinlarining ahamiyati beqiyos bo‘layotgani erishilayotgan natijalarda, mahalla va umumta’lim maktablarida vujudga kelayotgan sport infratuzilmalarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Ma’lumki, joriy yil sentyabr oyidan yurtimizdagi mavjud umumta’lim maktablarida yangi o‘quv yili boshlanishi asnosida maktab o‘quvchilari o‘rtasida 9 ta sport turi bo‘yicha “Besh tashabbus olimpiadasi” o‘yinlariga rasman start berilgandi.

Xo‘sh, joriy yilning 13 sentyabridan quvnoq startlar, shashka, shaxmat, yengil atletika, mini futbol, voleybol, stol tennisi, stritbol, vorkout yo‘nalishlarida boshlangan “Besh tashabbus olimpiadasi” o‘yinlarida mamlakatimiz umumta’lim dargohlarida tahsil olayotgan necha nafar maktab o‘quvchisi ishtirok etdi?
O‘tgan uch yil davomida “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalari tufayli yurtimiz mahallalarida umumiy hisobda qancha sport maydonchalari foydalanishga topshirildi?

Sport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, tasdiqlangan rejaga muvofiq joriy yil 25 sentyabrdan 5 oktyabrga qadar “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarining birinchi maktab bosqichi uyushqoqlik bilan o‘tkazildi.
9 ta sport yo‘nalishidagi musobaqalarda qatnashish uchun 5,6 million nafar o‘quvchi elektron ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, ularning 2,7 millionini qizlar tashkil etgani e’tiborli bo‘ldi. Ro‘yxatdan o‘tganlarning 5,2 million nafari bahslarda keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun kurash olib bordi.
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi ommaviy sport musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan yoshlarning mahallalariga 2022 yildan bugunga qadar jami 889 ta sport maydonchalari qurib berilgan bo‘lsa, ularning 322 tasi universal, 272 tasi stritbol va 295 tasi vorkaut maydonchalaridan iborat.
Bugun mamlakatimizning istalgan hududidagi mahallaga, maktabga borsangiz, nigohingiz beixtiyor zamonaviy sport maydonchasiga, bolalar o‘yingohiga va shodligi bir olam bolajonlaru, sog‘lom turmush tarziga oshno insonlarga tushadi. Bu, yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy ifodasidir.
T.Ro‘ziyev, O‘zA