Bugun Guliston shahrida “Besh tashabbus” olimpiadasining respublika final bosqichi start oldi.
Finalda mamlakat bo‘ylab saralangan 700 nafarga yaqin iqtidorli talaba-sportchi mini-futbol, voleybol, yengil atletika, stol tennisi va stritbol yo‘nalishlari bo‘yicha bellashadi. Musobaqalar 17–20 noyabr kunlari Guliston davlat universiteti hamda shaharning zamonaviy sport inshootlarida o‘tkaziladi.


Yoshlarni sportga keng jalb etish, sog‘lom raqobat muhitini kuchaytirish va jismoniy tayyorgarlikni oshirish olimpiadaning asosiy maqsadi. Shu bois mazkur tadbir yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilgan islohotlarning muhim bo‘g‘ini sifatida qayd etilmoqda.


Ochilish marosimida Sirdaryo viloyati hokimligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Sport vazirligi, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, murabbiylar va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Sport vaziri Adham Ikromov va Guliston davlat universiteti rektori Muhsin Hojiyevlar ishtirok etishdi.Ular o‘z chiqishlarida yoshlar tarbiyasi, vatanparvarlik va jismoniy barkamollik davlat siyosatida ustuvor yo‘nalish ekanini ta’kidlab o‘tishdi.


“Besh tashabbus” olimpiadasi nafaqat oliy ta’lim muassasalari, balki keng jamoatchilik o‘rtasida ham sportga qiziqishni kuchaytirishda muhim o‘rin tutayotgani qayd etildi. Dastlabki bosqichlarda 168 ta oliy ta’lim muassasasidan 465 mingdan ortiq talaba, shuningdek, 345 mingga yaqin kasbiy ta’lim o‘quvchilari ishtirok etgani yoshlar orasida sportga qiziqish tobora ortib borayotganligidan darak beradi.
Oxirgi paytlarda oliy ta’lim muassasalarida sport infratuzilmasi sezilarli darajada rivojlandi: zamonaviy sport inshootlari barpo etildi, trenajyor jihozlari yangilandi, 26 ta olimpiya yo‘nalishi bo‘yicha uchtadan sport klubi tashkil etildi, jami 721 ta sport seksiyasi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, “Universiada”, “Talabalar ligasi”, “Rektor kubogi”, “Talaba yugur” kabi musobaqalar yil davomida muntazam o‘tkazilmoqda.
Gulistonda o‘tkazilayotgan “Besh tashabbus” olimpiadasining respublika final bosqichi yoshlarning ijtimoiy faolligi va sportga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirishga xizmat qilayotgan muhim tadbir sifatida baholanmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri