Bundan besh yil muqaddam davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimiz yoshlari hayotiga katta sport zavqini tortiq etgan “Besh tashabbus olimpiadasi” qisqa fursatda yurtimizda aholining barcha qatlamlarini qamrab oladigan katta ommaviy harakatga aylandi.
O‘tgan yillar davomida tashkil etilgan ushbu tizim doirasidagi musobaqalar, turli salomatlik tadbirlari natijasida ming-minglab yoshlarimiz katta sport maydonlariga shahdu shijoat bilan kirib keldi.
“Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalari tufayli yurtimizning ko‘plab mahalla va guzarlarida bir-biridan ko‘rkam sport majmualari, maydonchalar bunyod etilib, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillari keng yoyilishiga shart-sharoit yaratildi.
Birgina o‘tgan yili tashkil etilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” ommaviy sport musobaqalari tufayli 15 million aholi vakillari sport musobaqalari bilan qamrab olindi.
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da joriy yilgi “Besh tashabbus olimpiadasi va paralimpiadasi”ning yangi mavsumi boshlanishi munosabati bilan tashkil etilgan katta bayram tadbirida ishtirok etgan mutasaddilar, daxldor tashkilot va vazirlik rahbarlari shu haqda to‘xtalib o‘tishdi.
Bu, yangi O‘zbekiston yangi imkoniyatlar mamlakati ekanining yorqin ifodasi bo‘ldi.
“Olimpiya shaharchasi” bilan bir vaqtda onlayn tarzda mamlakatimizning barcha hududlarida “Besh tashabbus olimpiadasi”ning boshlanishiga start berilishi yuzlab yoshlar qalbiga katta zavq bag‘ishladi.
Yurtimiz yoshlarinigina emas, balki aholining barcha qatlamlariga salomatlik ko‘nikmasini tortiq etadigan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning beshinchi mavsumi boshlanishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olganlar, o‘tgan yillar davomida yangicha tizim asosida o‘tkazilayotgan o‘yinlar natijasida 6,4 million nafarga yaqin fuqaro musobaqalarga jalb etildi.
O‘yinlarning aynan mahallalardan boshlanishi nazarda tutilgani sababli sport mashg‘ulotlari, uning infratuzilmasi, “Besh tashabbus”ning umidli epkinlari, katta yutuqlar ostonasidagi kichik orzular nasimi chekka-chekka hududlargacha kirib borishiga erishildi.
Mamlakatimizda raqamlashtirish tizimidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish borasida ishlar barcha sohalarga jadallik bilan kirib bormoqda.
Xususan, sport tizimida ushbu yo‘nalishda ibratli ishlar amalga oshirilayotgani natijasida sportchilarni ro‘yxatga olish, musobaqalarga yo‘naltirish, natijalarini qayd etib borishda deyarli shaffoflikka erishildi.
"Besh tashabbus olimpiadasi"ning yangi mavsumiga start berish marosimida 5tashabbus.uz (https://5tashabbus.uz/) platformasi orqali musobaqalarda ishtirok etish istagini bildirgan birinchi ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tgani e’lon qilindi.
Joriy yil aprel oyidan boshlanadigan bu yilgi "Besh tashabbus paralimpiadasi" doirasida 13 ta yo‘nalishda 100 ming nafar fuqaro adaptiv sportga kirib kelishi nazarda tutilgan.
E’tiborlisi, sportchilar orasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi 90 ta maxsus maktab o‘quvchilari ham ishtirok etadi.
Shuningdek, oliygohlarda tahsil olayotgan 11 mingga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslar ilk bor ushbu musobaqalar orqali sport bilan qamrab olinadi.
Mazkur musobaqalar nafaqat sport maydoni, balki iqtidorlarni aniqlash va ularni tizimli qo‘llab-quvvatlash platformasi sifatida ham samaradorligini ko‘rsatmoqda.
Birgina o‘tgan yilning o‘zida 3 ming 82 nafar iqtidorli yosh sport ta’lim muassasalariga saralab olindi va ular uchun katta sport sari keng yo‘l ochildi.
- Joriy yilda "Besh tashabbus olimpiadasi" va ommaviy sport tadbirlari orqali 17 million nafar aholini qamrab olish rejalashtirilgan. Bugun ommaviy sport har bir yurtdoshimiz hayotining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Natijada davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan "Sog‘lom inson — sog‘lom millat" g‘oyasi umummilliy harakat sifatida hayotga tatbiq etilmoqda, - deydi Sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Sherzod Olimov.
[gallery-27797]
Tantanali tadbirda viloyat studiyalaridan “mahalla yettiligi”, “Besh tashabbus olimpiadasi”ning avvalgi mavsum g‘olib va sovrindorlari, yoshlar, oliy ta’lim muassasalari talabalari, umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari, taniqli sportchilar va madaniyat xodimlari, shuningdek, hamkor vazirlik, idora va tashkilotlar xodimlari faol qatnashdi.
To‘lqin Ro‘ziyev, Alimurod Mamadaminov(surat), O‘zA