Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Besh tashabbus olimpiadasiga tayyorgarlik
10:46 / 2022-08-02

Buxoroda Yoshlar ishlari agentligi tizimidagi xodimlarining malakasini oshirish va ularning faoliyatiga uslubiy ko‘maklashish hamda yil davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalarni belgilab olish maqsadida Respublika o‘quv seminari o‘tkazildi.

O‘quvda besh tashabbus loyihalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha mas’ul bo‘lgan 14 nafar hududiy mutaxassislar, 208 ta tuman-shahar mas’ullari qatnashdi. 

Yoshlar ishlari agentligi hamda Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti hamkorligida tashkil etilgan tadbir hududiy mutaxassislarni ikkinchi bor tashkil etiladigan besh tashabbus olimpiadalariga munosib tayyorgarlik ko‘rishlariga yordam berish, shuningdek, ularning ko‘nikmalarini oshirish, o‘zaro tajriba almashishlarini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. 

O‘quv seminarning ilk kunida “Shaxsiy psixologik rivojlanish”, “Boshqaruv ko‘nikmalarini shakllantirish”, “Loyiha boshqaruvi usullari” kabi mavzularda master-klasslar, interaktiv darslar o‘tilgan bo‘lsa, ikkinchi kunda dasturga muvofiq  mutaxassislar tomonidan Besh tashabbus doirasidagi tadbirlarni o‘tkazish jarayonida ahamiyat berilishi kerak bo‘lgan jihatlar yuzasidan fikr almashildi. 

[gallery-8109]

Shuningdek, seminar ishtirokchilari orasida IT va AKT yo‘nalishida tanlovlarni tashkil etish to‘g‘risida tushunchalar berilib kibersport musobaqasi tashkil etildi. Ahamiyatlisi o‘quv seminar doirasida Buxoro viloyatining diqqatga sazovor go‘shalaridan bo‘lgan Poyi Kalon majmuasida shaxmat musobaqasi o‘tkazildi. Besh tashabbus olimpiadasining ikkinchi mavsumida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan sport musobaqalarini o‘tkazishda ahamiyat berilishi kerak bo‘lgan jihatlar yuzasidan ma’ruzalar o‘qildi. 

–  Buxoroga ilk marotaba kelishim, – deydi o‘quv seminar ishtirokchisi Tolib Ibrohimov. – Buxorolik do‘stlarimning mehmondo‘stligi menga juda yoqdi. Seminar haqida to‘xtaladigan bo‘lsam besh bosqichli besh tashabbus olimpiadasining birinchi mavsumini o‘tkazib oldik. Ikkinchi mavsumi sentyabrda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu o‘quvdan ham asosiy maqsad mana shu olimpiadaning birinchi mavsumida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni sarhisob qilib, ikkinchi mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rishdan iborat. Biz qilayotgan ishlar har bir mahalla, ko‘cha, va albatta yoshlarning ichiga kirib borishi kerak. Maqsadimiz esa yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdir.  

Besh kun davom etgan o‘quv seminar yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar berildi. 


Zarif Komilov,  
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA