Yoshlarimizning sevimli loyihasi – “Besh tashabbus olimpiadasi”ning joriy yilgi mavsumi ham boshlandi. Prezidentimizning 2022 yil 11 apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” shu kunlarda barcha hududlarda qizg‘in tus olmoqda.
Endilikda ishtirokchi yoshlarni yana katta sinovlar, hayajonli tanlov va musobaqalar hamda rag‘batlar kutmoqda.

Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidor va iste’dodini rivojlantirish hamda ma’naviy-ma’rifiy va jismoniy barkamol avlodni tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan mazkur loyiha joriy yilning 4 sentyabrdan 29 sentyabrga qadar o‘tkaziladi.

Ayni kunlarda mazkur festival doirasida yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish, iste’dodini yuzaga chiqarishga qaratilgan tadbirlar, loyihalar va tanlovlar, uchrashuvlar, sayohatlar, tomoshalar o‘tkazilmoqda.
Yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sportdagi qobiliyatlarini namoyon qilishga qaratilgan sport musobaqalari, uchrashuvlar, sog‘lomlashtiruvchi tadbirlar tashkil etish loyihaning asosiy tadbirlaridan hisoblanadi.
Jumladan futbol, voleybol, basketbol, mini-futbol, stol tennisi, shaxmat va shashka musobaqalari, ommaviy yugurish marafonlari, velopoygalar shular jumlasidan.

Shuningdek, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish ular orasida kitobxonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlar – “Zakovat”, “Munozara”, adabiyot kechalari, shoir va yozuvchilar bilan turli uchrashuvlar tashkil etiladi.
Kitoblar yarmarkasi va ko‘rgazmalari tashkil etilib, turli nashriyotlar, yozuvchilar va shoirlar ishtirokida taqdimotlar o‘tkaziladi. Bu esa yoshlarning o‘z imkoniyatlari va yutuqlaridan unumli foydalanishlariga imkon yaratadi.

–Mazkur tadbirlarga 2024 yilda 5,2 million nafar yoshlar ishtirok etdi, – deydi Yoshlar ishlari agentligining Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Dilfuza Azizova. – Bugungi kunga qadar olimpiada doirasidagi tadbirlarda ishtirok etish uchun jami 12 million 687 ming nafarga yaqin yoshlar ro‘yxatdan o‘tdi. O‘tkazilgan tanlov, musobaqa va loyihalarda ularning 10,9 million nafari ishtirok etdi.
Shuningdek, bugungi kunga qadar tanlovda g‘olib bo‘lgan yoshlar “Shuhrat” medali, “Kelajak bunyodkori” medali, “Nihol” mukofoti bilan taqdirlanib kelmoqda.

«Bo‘zatov yoshlar ovozi» tanlovi g‘oliblarining iste’dodini doimiy ravishda namoyish qilib borish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijod qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida «Yoshlar ovozi» prodyuserlik markazi tashkil etildi.
Mahallalarda yoshlar yetakchilari tomonidan amalga oshirilgan targ‘ibot tadbirlari natijasida joriy yilda 401 ming 473 nafar yoshlar tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan.

Tanlovning respublika bosqichida hududlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 162 nafar yoshlar o‘zaro bellashdi. Umumiy mukofot jamg‘armasiga ahamiyat beradigan bo‘lsak, tanlovning respublika bosqichida 1-o‘rin g‘oliblariga 50 million so‘mdan, 2-o‘rin g‘oliblariga 30 million so‘mdan, 3-o‘rin g‘oliblariga 20 million so‘mdan, qolgan 127 nafar ishtirokchilar 10 million so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Shuningdek, “Besh tashabbus olimpiadasi”ning “Kitobxonlik” yo‘nalishida ham ko‘plab yoshlar g‘olib bo‘lib, munosib taqdirlanmoqda.
Xususan, 2017 yildan buyon an’anaviy tarzda “Yosh kitobxon” tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.
Bugungi kunda “Yosh kitobxon” tanlovi 3 ta yosh toifasida, jumladan,10-14 yosh, 15-19 hamda 20-30 yoshlar o‘rtasida “mahalla-sektor-tuman-hudud-respublika” bosqichlarida o‘tkazilmoqda. Tanlovda yoshlar 5 ta shart bo‘yicha, “Badiiy asarlar bilimdoni”, “Tezkor savol-javob”, “Buyuk mutafakkir va adib”, “She’riyat”, “Kvest” shartlari bo‘yicha bellashadi.
Tanlovda ishtirok etish uchun 10-14 yoshdagilar maxsus shakllantirilgan ro‘yxat asosida 40 nomdagi, 15-19, 20-30 yoshdagilar 50 nomdagi o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalari, ilmiy-ommabop asarlarni o‘qishi belgilangan. Tanlovda ishtirokchilardan kitoblarda ilgari surilgan Vatan, oila va do‘stlarga bo‘lgan sadoqat g‘oyalari, komil inson fazilatlari yuzasidan mustaqil fikr yuritishiga alohida e’tibor qaratiladi.
Tahlillarga ko‘ra, kitob do‘konlari va kutubxonalarda
eng ko‘p izlanayotgan kitoblar ham “Yosh kitobxon” tanlovida e’lon qilingan 140 nomdagi adabiyotlar ekani ma’lum bo‘ldi. Bu, o‘z o‘rnida kitob bozorida talab va taklifning ortishiga ham xizmat qilmoqda.
2017 yildan buyon 238 nafar yosh kitobxonlar tanlovning respublika bosqichida ishtirok etgan bo‘lsa, shundan 17 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovg‘asi – “Spark” avtomashinasi, 3 nafari “Kobalt” avtomashinasi sovrindori bo‘ldi.
Shu bilan birga, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida “Men kelajakman” shiori ostida “Kasblar tanlovi”ni tashkil qilish orqali 5 ta yo‘nalishdagi “Novvoychilik”, “Yosh quruvchi”, “Payvandlash ustasi”, “Elektromontaj ustasi”, “Dizaynerlik” tanlovlari uch bosqichda o‘tkaziladi.
Ta’kidlash joizki, endilikda «Besh tashabbus olimpiadasi»ning joriy yilgi mavsumida birinchi marotaba mahallalardagi 30 yoshdan katta bo‘lgan aholi o‘rtasida sportning mini futbol, voleybol, stritbol, stol tennisi, vorkaut, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha uch bosqichli musobaqalar ham tashkil etiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA