Andijon olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida viloyat hokimligi, sport boshqarmasi mutasaddilari, hamkor tashkilotlar vakillari, sport faxriylari, sportchilar hamda o‘quvchi-yoshlar ishtirokida, “Besh tashabbus olimpiadasi va Paralimpiadasi” loyihalarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Komiljon Komilov, sport boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Toshpo‘latov va boshqalar “Besh tashabbus olimpiadasi va Paralimpiadasi” yoshlarga o‘z iqtidor va imkoniyatlarini yuzaga chiqarishi uchun keng imkoniyat maydoni, shu bilan birga, ularni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish va faolligini oshirishga xizmat qilayotgan loyiha ekanligi haqida so‘z yuritdi.
Bu tadbirlar yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, milliy sport o‘yinlari va sport turlarini yoshlar o‘rtasida ommalashtirish, ularning iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Loyihalar doirasida jamoalar o‘rtasida “Zakovat”, “Quvnoqlar va zukkolar” intellektual o‘yinlari, “Yosh kitobxon” va boshqa ko‘rik-tanlovlar, shuningdek, sportning shaxmat-shashka, “Street Workout”, yengil atletika, stol tennisi, voleybol, stritbol, milliy kurash, kibersport turlari bo‘yicha musobaqalar haqiqatdan ham yoshlarga o‘z iqtidorlarini namoyish etish uchun keng imkoniyat yaratmoqda.
[gallery-27810]
Tadbirda Sport vazirligi tomonidan viloyatdagi 879 ta mahallaning har biriga 8 tadan, jami 7 ming 32 dona sport to‘plari topshirildi. Shuningdek, tadbirda loyihalarning o‘tgan yilgi mavsumi sport tadbirlarini namunali tarzda tashkil etgan bir guruh mahalla yoshlar yetakchilari, sport sohasi vakillari rag‘batlantirildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.