Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Besh tashabbus olimpiadasi" ulug‘ g‘alabalar poydevorini yaratadi
11:37 / 2024-11-06

Davlatimiz rahbari tomonidan bundan ikki yil muqaddam imzolangan “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida yurtimizda joriy etilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” ommaviy sportni rivojlantirish, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari bilan qamrab olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu bilan avvallari 2-3 soatlik mashg‘ulotdan boshqa yumushi yo‘q ayrim jismoniy tarbiya o‘qituvchilari va murabbiylarining ham ishi ko‘paydi. Bir paytlari qizg‘in bellashuvlarda qatnashish orzusida olti-yetti oylab musobaqa yuzini ko‘rmagan chekka-chekkadagi mahalla va qishloq yoshlarining niyati amalga oshdi. Ular “Besh tashabbus olimpiadasi” tufayli har oy musobaqalarda qatnashadigan, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida tizimli shug‘ullanadigan bo‘ldi. Musobaqa ko‘nikmasi oshdi. Mahoratli sportchi-yoshlarni tanlash, saralash maydoni kengaydi. Maoshga ko‘z tikib o‘tirgan murabbiylarning daromadiga baraka kirdi.

E’tiborli jihati, ushbu tizim joylarda sport harakati jonlanishiga katta turtki berishi bilan birga mahallalarda zamonaviy sport inshootlari qurilishiga, bu orqali turli sport musobaqalari, tadbirlar, uchrashuvlar soni va salmog‘i oshishiga olib keldi.

G‘oliblarni tayyorlagan maktablarning jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari va sport-ta’lim muassasalarining trenerlariga malaka toifalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilishi joriy etilishi ularning iqtisodiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Respublika bosqichida muvaffaqiyatga erishgan jamoaning mahallasiga sport maydonchalari, majmualari barpo etilayotgani, turli sport jihozlari bilan ta’minlanayotgani aholining ommaviy sport bilan mashg‘ul bo‘lish imkoniyati yanada kengayishiga sabab bo‘ldi.

Sport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning bugungi kuniga qadar 13 ta ommaviy sport turi bo‘yicha o‘tgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning quyi bosqich musobaqalarida yurtimizdagi 7-30 yoshlilarning 9,2 millioni ishtirok etgan bo‘lsa, ularning 4,1 millionini xotin-qizlar tashkil etdi.

Mahallalarda istiqomat qiluvchi 16-30 yoshlilarning 6,5 million nafari elektron platformadan ro‘yxatdan o‘tgan. Umumta’lim dargohlarining 3,2 million nafari, professional ta’limda 323 ming nafar o‘quvchidan 181 ming nafari, oliy ta’lim muassasalaridagi 709 ming nafardan ortiq talabalardan 436 ming nafari “Besh tashabbus olimpiadasi” bilan qamrab olingan. Bu O‘zbekistonda mahoratli sportchilarni saralash, aholini ommaviy sport harakatiga jalb qilishning samarali yo‘li yaratilganidan dalolatdir.

Xalqimiz orasida guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, degan gap bor. Davlatimiz tomonidan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning har bir bosqich musobaqalarini ko‘tarinki, bayramona o‘tkazish, g‘olib va sovrindorlarni munosib rag‘batlantirishga alohida e’tibor ko‘rsatilayotgan bir fursatda o‘z vazifasiga, ishiga sovuqqonlik bilan qarayotgan mutasaddilar ham borki, ularning befarqligi oqibatida ayrim hududlarda sport bilan shug‘ullanaman, chempion bo‘laman, degan yuzlab yoshlar bellashuvlarda qatnashish imkoniyatidan mosuvo bo‘lib qolmoqda. Bunday e’tiborsizlik  ayrim sport maktablarida, to‘garaklarda murabbiylarning qo‘nimsizligiga, mashg‘ulotlar ko‘ngildagidek o‘tkazilmasligiga, katta orzular bilan yashayotgan ertamiz egalari bo‘lgan yoshlarning zararli odatlarga ruju qo‘yishiga olib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligining joriy yil oktyabr oyida o‘tgan hay’at yig‘ilishida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi ommaviy sport musobaqalarida yoshlar qamrovi 50 foizga yetmagan tuman va shaharlar borligi taassuf bilan ta’kidlangani ham shundan.

Mamlakatimizning Olmaliq, Angren, Andijon, Qarshi shaharlari, Forish, Arnasoy, Koson, Buvayda tumanlarida mahalla yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan ”Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarida yoshlar qamrovi 50 foizga ham yetmagani sababli sustkashlikka yo‘l quygan sport maktablari mutasaddilariga intizomiy jazo chorasini qo‘llash belgilandi.

Oqqan daryo oqaveradi. Ammo o‘sha oqayotgan daryoga e’tibor berilmasa, uning o‘zanlari ta’mirlab turilmasa, mavjlanayotgan obi-hayot o‘z jilosini, jozibasini yo‘qotishi tayin.

Shu jihatdan, “Besh tashabbus olimpiadasi” ham O‘zbekiston sportining yangi bir shiddatli daryosiki, uning o‘zanlari mustahkam bo‘lishi, doimo mavjlanib turishi ommaviy sport harakatini yangi bosqichga olib chiqishi bilan qadrli. Jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligi aholi salomatligini mustahkamlaydi. Sog‘lom insonlar o‘z navbatida, ulug‘ maqsadlarga xizmat qilishi tayin. Bu harakatlarning pirovard maqsadi esa Olimpiya va jahon chempionlarining yangi avlodini kamolotga yetkazishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA