Xabaringiz bor, joriy yil 11 aprel kuni «Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori imzolandi.
Mazkur qaror doirasida Sportni rivojlantirish vazirligi tomonidan mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda respublikamiz bo‘ylab «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida ommaviy sport musobaqalari o‘tkazildi va umumiy hisobda 3 million 100 ming nafardan ziyod yoshlar musobaqalarga jalb qilindi. Jami 9 ta sport turini o‘z ichiga qamrab olgan mazkur ommaviy sport musobaqalarining birinchi bosqichi joriy yil 27 iyunda o‘z yakuniga yetdi va g‘oliblar tantanali ravishda taqdirlanishdi.
Musobaqaning yana bir ahamiyatli jihati, unda g‘olib bo‘lgan ishtirokchilarning mahallalariga 3 turdagi sport maydonchalarini qurib berish belgilangan. Ayni kunlarda joylarda mazkur sport maydonchalarini qurish ishlari jadal olib borilmoqda.
Shu o‘rinda sport maydonchalariga qisqacha to‘xtalib o‘tsak. Ta’kidlanganidek, mahallalarda tashkil etiladigan sport maydonchalari 3 toifaga bo‘linadi. Bular: Universal sport maydonchasi, «Workout» va «Streetball» maydonlarini o‘zida jamlagan bolalar sport maydonchasi hamda «Workout» maydonchasi. Sport maydonchalarini hududlarga taqsimlash, musobaqalarda g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar egallagan o‘rinlardan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
«Workout» sport maydonchasi tarkibidan «Brus krestik», «Turnik va press», «Yurish trenajyori», «Press uchun o‘rindiq» kabi maxsus anjomlar mavjud bo‘lib, ular mahallalarda istiqomat qilayotgan aholi va yoshlar uchun doimiy badantarbiya va sog‘lomlashtirish mashqlari bilan shug‘ullanish imkoniyatini yaratadi.
Navbatdagi sport maydonchasi esa «Streetball» sporti bilan shug‘ullanishga ixtisoslashgan. Sport maydonida shuningdek voleybol va basketbol sporti bilan shug‘ullanish uchun ham qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilgan.
Universal sport maydonchasida mini-futbol va basketbol sport turlari bilan shug‘ullanish imkoniyati mavjud.
Qayd etish lozim, «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasidagi ommaviy sport musobaqalaring ikkinchi fasli joriy yil sentyabr-noyabr oylarida tashkil etiladi va yakunda yana 279ta mahalla yuqorida ta’kidlangan sport maydonlariga ega bo‘lish imkonini qo‘lga kiritadi.
Shuningdek, mamlakatimizdagi barcha 208ta tumanga ham bittadan «Workout» maydonchasi qurib berilishi ko‘zda tutilgan.
O‘zA