Andijonda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalarining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, ya’ni mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy sport o‘yinlari va sport turlarini yoshlar o‘rtasida ommalashtirish, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish maqsadida mahalla yoshlaridan tuzilgan jamoalar o‘rtasida sportning shashka, “Street Workout”, yengil atletika stol tennisi, voleybol, stritbol, kibersport turlari bo‘yicha musobaqalar, shuningdek, “Zakovat”, “Zukko kitobxon”, “Munozara” intellektual o‘yinlari, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Yosh kitobxon oila”, “Mushoira” ko‘rik-tanlovlari o‘tkazilmoqda.
Shashka musobaqasining viloyat bosqichida tuman, shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan mahallalar jamoalari tarkibida 96 nafar yigit-qiz uchta yosh toifasi bo‘yicha g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib bordi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 6 nafar ishtirokchi musobaqaning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
[gallery-7479]
Street Workout musobaqalarida esa tuman, shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 48 ta mahalla jamoasi tarkibiga kirgan 192 nafar yigit-qiz turnik va brusda tortinish bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etdi. Uch yosh toifasida eng yuqori natijaga erishgan mahalla jamoalari musobaqalarning respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
– Viloyatdagi 887 ta mahalla jamoalari tarkibida 8 ming nafar yoshlar “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining tuman, shahar bosqichlarida ishtirok etib, o‘zlarining bilim, iqtidor va salohiyatini namoyish etdi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasining “Besh tashabbus olimpiadasi” tadbirlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha mutaxassisi Nazira Ubaydullayeva. – Yuksak ko‘tarinkilik va yoshlarning faolligi ostida o‘tgan tanlovda eng munosib jamoa g‘olib, deb topildi.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rinni Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Xonko‘cha mahallasi jamoasi egalladi. Endi ushbu mahalla jamoasi Namangan shahrida bo‘lib o‘tadigan tanlovning mintaqaviy bosqichida ishtirok etadi. Tanlovda ikkinchi o‘rin Bo‘ston tumanidagi Guzar mahallasi, uchinchi o‘rin esa Andijon tumanidagi Shavqandaryo mahallasi jamoalariga nasib etdi.
Shu kunlarda “Besh tashabbus olimpiadasi” ning shashka, Street Workout, stol tennisi, yengil atletika turlari bo‘yicha viloyat bosqichi musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA