Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Besh tashabbus olimpiadasi: Chirchiqda eng kuchli stritbol jamoalari aniqlandi
10:37 / 2024-11-08

Shu kunlarda mamlakatimizning turli hududlarida “Besh tashabbus olimpiadasi“ning respublika bosqich musobaqalari o‘tkazilmoqda.

Sportning stritbol turi bo‘yicha musobaqaning “A“ liga respublika bosqichi bahslari Chirchiq Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida tashkil etildi. Uch kun davom etgan qiziqarli bellashuvlar ishtirokchilarda musobaqa ko‘nikmasi oshishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, ishqibozlarga katta sport zavqini tortiq etdi.

Mahoratli sportchilarni aniqlash, saralash bilan birgalikda ommaviy sport rivojiga katta hissa qo‘shgan bellashuvlar sarhisobiga ko‘ra, 16-21 yoshli o‘g‘il bolalar o‘rtasida umumjamoada Toshkent viloyati, 22-30 yosh toifasida Namangan viloyati jamoasi g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. Sovrinli o‘rinlar Farg‘ona, Andijon, Jizzax viloyatlari va poytaxt jamoalariga nasib etdi.

Musobaqaning ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarida umumjamoada 16-21 yosh toifasida Toshkent viloyati, 22-30 yosh toifasida Surxondaryo viloyati stritbolchilari 1-o‘rinni egalladi. 2-3-o‘rinlardan Qashqadaryo, Jizzax, Toshkent hamda Andijon viloyatlaridan kelgan jamoalar joy oldi. Respublika bosqichida g‘olib va sovrindor bo‘lganlar diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Eslatib o‘tamiz, stritbol bitta basketbol halqasida yarim maydonda o‘tadigan musobaqa bo‘lib, 1950 yillari Amerika Qo‘shma Shtatlarda paydo bo‘lgan. Jamoalar 3 nafardan sportchi bilan bahslarda ishtirok etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA