Joriy yilning 15 aprelidan mamlakatimizda “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalari start oldi. Ayni kunlarda yurtimiz mahallalarida musobaqalar yakunlanib, hududlar sharafini keyingi bosqichda himoya qiladigan jamoalar shakllantirilmoqda.
Xususan Sirdaryo viloyatida ham “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi musobaqalar mahallalarda iqtidorli yoshlarni aniqlash bilan aholini ommaviy sport mashg‘ulotlariga jalb etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Sirdaryoda mahalla yoshlari o‘rtasida futbol va mini-futbol bo‘yicha “DXX kubogi” musobaqalariga start berildi.
Guliston shahrining 24 ta mahallasidan shakllantirilgan futbol va mini-futbol jamoalari ishtirokida qur’a tashlash marosimi o‘tkazildi. Joriy yilgi musobaqa dasturiga qizlar o‘rtasida futbol bahslarini o‘tkazish yangilik sifatida kiritildi.
Shuningdek, Urganch shahridagi Olimpiya stadionida “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqasining ochilish marosimi o‘tkazilib, tadbir davomida mahalla jamoalarining o‘yinlar jadvali ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilayotgan mazkur yoshlar musobaqalari 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlarni bir niyat atrofida jipslashtirishga qaratilgani bilan e’tiborlidir. Zero, aholi vakillarini, ayniqsa yoshlarni ommaviy sport mashg‘ulotlariga tizimli tarzda jalb etish, ular hayotida jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarini kundalik odatga aylantirish xalqimiz salomatligini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
O‘tgan yilning aprel-iyun oylarida o‘tkazilgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning birinchi bosqichida yurtimiz yoshlari 5 ta yosh toifasi bo‘yicha 9 ta sport turida bahslashgan edi. Mahalla bosqichidan start berilgan ommaviy sport tadbirlarida 4 ming nafarga yaqin o‘g‘il-qizlar futbol, mini-futbol, voleybol, yengil atletika, shaxmat, shashka, stol tennisi, stritbol, vorkaut turlari bo‘yicha qamrab olingan edi.
Xo‘sh, bu yil “Besh tashabbus olimpiadasi”ning musobaqalari, tadbirlari qanday ko‘rinish oladi? Besh bosqichli musobaqalar tizimiga qanday yangilik va qo‘shimchalar kiritilmoqda?
Yoshlar siyosati va sport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu yilgi bahslar, ommaviy sport tadbirlari o‘tgan yilgiga qaraganda har jihatdan yangicha ko‘rinishda, yangicha formatda tashkil etiladi.
Musobaqalar tizimidan nogironligi bo‘lgan yoshlar o‘rtasida "Besh tashabbus paralimpiadasi” o‘rin egalladi. Imkoniyati cheklangan yoshlarni ushbu sport tizimiga jalb etish, ular o‘rtasida para yengil atletika, para shaxmat va shashka, para stol tennisi, kibersport yo‘nalishlarida musobaqalar o‘tkazilishi paralimpiada o‘yinlarida vatanimiz sharafini munosib himoya qila oladigan irodali sportchilarni aniqlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Shuningdek, musobaqalar tizimidan ilk marotaba barkamol avlod vakillarini kasb-hunarga yo‘naltirishga qaratilgan "Kasblar tanlovi" joy oldi.
“Besh tashabbus olimpiadasi” joriy yil ham o‘z maydonida o‘nlab iste’dodlarni kashf etishi tayin. Faqat joylardagi mutasaddilar, sohaga mas’ul mutaxassislar, mahallalardagi yoshlar yetakchilari, faollar, jamoatchilik vakillari besh bosqichli musobaqalarni har jihatdan namunali, adolatli tashkil etishga bosh-qosh bo‘lsalar, o‘z ishlariga sidqidildan yondashsalar bo‘lgani.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA