Respublikamizda, jumladan Sirdaryo viloyatida ham so‘nggi besh yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Besh tashabbus olimpiadasi va Paralimpiyada yoshlarning salohiyati, irodasi va shijoatini namoyon etadigan yirik sport maydoniga aylandi.
Ushbu musobaqa nafaqat sport bellashuvi, balki yosh avlodni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish, ularni yuksak maqsadlar sari ruhlantirishga xizmat qiladigan muhim ijtimoiy loyiha sifatida ham alohida ahamiyatga ega.
Mamlakatimizda sportga, ayniqsa yoshlar sportiga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida qaratilayotgani barchamizga ma’lum. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan “Besh muhim tashabbus” doirasida yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ular uchun zamonaviy sport infratuzilmasini yaratish, iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Eng ahamiyatli jihati shundaki, Besh tashabbus olimpiadasi va Paralimpiyada doirasida o‘tkaziladigan sport musobaqalariga Sirdaryoda ham start berildi. Unda ishtirok etadigan sportchilardan yuksak mahorat, mustahkam iroda va shijoat talab etiladi. Yoshlar nafaqat turli sport turlari bo‘yicha raqobatlashadi, balki jismoniy va ma’naviy barkamollikni ham namoyon etadi. Sport maydonidagi har bir harakat, har bir bellashuv yoshlarning iqtidori va intilishiga ishora qilib, kelajak chempionlari uchun mustahkam zamin yaratadi.
Sirdaryoda sport ta’lim muassasalari tasarrufida jami 20 ta tashkilot faoliyat yuritadi. Jumladan, 1 ta Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi, 4 ta sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi, 13 ta sport maktabi hamda 2 ta futbol yo‘nalishidagi muassasa (akademiya va maktab) mavjud. 2025–2026 o‘quv yilidan boshlab 4 ta sport maktabi hududning o‘ziga xos imkoniyatlari va erishilgan natijalaridan kelib chiqib, aniq sport turlariga ixtisoslashtirildi.
Hozirda viloyat sport ta’lim muassasalarida 26 053 nafar yosh muntazam mashg‘ulot olib bormoqda, ularning 6 540 nafarini qizlar tashkil etadi. 9 547 nafar sportchi turli sport unvonlari va razryadlarga ega bo‘lib, ular orasida xalqaro toifadagi sport ustalari, sport ustalari hamda sport ustaligiga nomzodlar bor.
2025-yilda Sirdaryo sportchilari respublika va xalqaro musobaqalarda jami 1 663 ta sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shundan 452 tasi oltin, 487 tasi kumush va 724 tasi bronza medaldir. Olimpiya sport turlari bo‘yicha erishilgan 879 ta medal esa viloyatdagi sport maktablari faoliyati samarasini yaqqol namoyon etadi.
Parasport ham e’tibordan chetda emas. Imkoniyati cheklangan yoshlar uchun 103 ta maxsus mashg‘ulot guruhi tashkil etilgan bo‘lib, 503 nafar yosh sportga jalb qilingan. Ular respublika musobaqalarida 77 ta sovrinli o‘rinni egallashdi: 19 ta oltin, 31 ta kumush va 27 ta bronza medal. Bepul mashg‘ulotlar va zamonaviy jihozlar orqali imkoniyati cheklangan shaxslar ham sog‘lom turmush tarzi va sportga keng jalb etilmoqda.
Shu bilan birga, raqamlashtirish va elektron tizimlar bilan sport unvonlari va razryadlarini berish jarayonlari shaffof va tizimli tarzda amalga oshirilmoqda. Murabbiylar malakasi ham muntazam oshirilmoqda — bugungi kunda 813 nafar malakali murabbiy sportchilarni tayyorlamoqda.
– 2025-yilgi mavsumda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan xulosa chiqargan holda, 2026-yilgi mavsumda targ‘ibot va tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish orqali yoshlar qamrovini kengaytirish, respublika miqyosida medallar soni va natijalarimizni oshirishimiz zarur, – deydi Sirdaryo viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Bo‘ronov. – O‘tgan yilgi Besh tashabbus olimpiadasi va Paralimpiyada 286 ming nafar yosh ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, shundan 247 ming nafari bevosita musobaqalarda qatnashdi. Paralimpiya sport turlari bo‘yicha 4 600 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tib, 3 600 nafari musobaqalarda ishtirok etdi. Respublika bosqichida 9 ta oltin, 12 ta kumush va 15 ta bronza, jami 36 ta medal jamg‘arildi. Muhimi, yangi mavsumda yoshlar qamrovini 300 ming nafarga yetkazish va respublika bosqichida kamida kuchli uchlikdan joy olishni reja qilganmiz.
Besh tashabbus olimpiadasi va Paralimpiyada yoshlar uchun nafaqat jismoniy, balki ma’naviy-ruhiy barkamollikni tarbiyalaydigan maydonga aylandi. Ushbu musobaqa kelajak chempionlarini vatanimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilishga tayyorlaydigan muhim bosqich bo‘lib xizmat qilmoqda.
[gallery-27804]
Zero, sport — sog‘lom avlod, sog‘lom jamiyat va porloq kelajak garovidir. “Besh tashabbus” kelajak chempionlari maydoni sifatida yoshlarni birlashtirib, ularning irodasi va shijoatini namoyon etayotir.
G‘ulom Primov,
Anvar Tuychiyev (surat), O‘zA