Yurtimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan “Besh muhim tashabbus” loyihasi yoshlar ma’naviyati va dunyoqarashini boyitish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish hamda iqtidorini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu doirada Guliston davlat universiteti Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tashabbusi bilan to‘rtinchi tashabbus — kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga bag‘ishlangan “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.

Savollar asosan o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalari hamda badiiy asarlardan tuzilib, talabalarning bilim saviyasi, fikrlash doirasi va jamoada ishlash ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi.

Tadbirda Guliston davlat universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Muhsin Hojiyev ham ishtirok etdi. U o‘z nutqida mamlakatimizda, jumladan, universitetda besh tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib, jumladan shunday dedi:
– "Besh muhim tashabbus" loyihasi yoshlarimizning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ma’naviy dunyoqarashini boyitish va iqtidorini namoyon etishda muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, talabalar orasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tashabbuslar tobora ommalashib bormoqda. Yaqin kunlarda universitetimizda zamonaviy Axborot-resurs markazi foydalanishga topshiriladi. Bu siz, aziz talabalar, uchun katta imkoniyatdir, – deya ta’kidladi.

Intellektual bellashuv talabalarning adabiyotga qiziqishini oshirdi, shu bilan birga ijodkorlik, tanqidiy fikrlash va jamoaviy ish ko‘nikmalarini mustahkamladi.

Guliston davlat universitetida “Besh muhim tashabbus” doirasidagi loyihalar izchil davom etmoqda. Ular talabalarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirish, sport va san’atga qiziqishini kengaytirish, axborot texnologiyalari bo‘yicha ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda yoshlarning qiziqishlariga mos ijtimoiy maydon yaratishga xizmat qilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA