Beruniy tumani pillakorlari Orolbo‘yida birinchilardan bo‘lib davlatga kumush tola topshirish bo‘yicha davlat shartnoma rejasini bajardi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda respublikada pillachilik sohasini rivojlantirish, ishlab chiqariladigan mahsulotlar turlarini kengaytirish, shuningdek, pillachilik tarmog‘i korxonalarining eksport va investitsiya faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, tarmoqda amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, sohani jadal rivojlantirish va diversifikatsiya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ishlab chiqarishni tashkil etishning klaster usulini keng joriy etish, pillani chuqur qayta ishlashda investitsiyalar hajmini oshirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

E’tibor, yaratilgan qator imtiyoz va imkoniyatlar mazkur yo‘nalishda faoliyatini olib borish istagidagi korxonalar sonining ortishiga zamin yaratdi. 2019 yilda Beruniy tumanida “KKR IPAK CLUSTER” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etilgan bo‘lib, joriy yildan pillani qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Tumanda joriy yil hosili uchun 1935 nafar kasanachi bilan 2709 quti pilla qurtini parvarishlab, 154 tonna pilla topshirish bo‘yicha shartnoma tuzildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24 dekabrdagi “Pilla yetishtiruvchi jismoniy shaxslarga ular tomonidan yetishtirilgan pilla (ho‘l pilla) hosili uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori pillakorlarning moddiy manfaatdorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Tumanning ilg‘or pillakorlaridan Zevar Xidirboyeva joriy yil rejadagi 60 kilogramm hamda qo‘shimcha topshirgan 63 kilogramm pilla uchun har bir kilogramiga 30 ming so‘mdan qo‘shimcha daromad oldi. Tutzor uchun ajratilgan yerga ekilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qo‘shimcha daromad keltiradi. Bundan ruhlangan pillakor oila a’zolari bilan ikkinchi mavsumda ham pilla yetishtirishni maqsad qildi.

Tadbir yakunida ilg‘or pillakorlarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA