Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Berlinda turizm sohasida keng qamrovli muzokaralar o‘tkazildi
12:11 / 2026-03-05

Germaniya poytaxti Berlin shahrida bo‘lib o‘tayotgan “ITB Berlin 2026” xalqaro turizm ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov hamda BMT Turizm tashkiloti Bosh kotibi Shayxa Nosir Al Nuvays o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda barqaror turizmni rivojlantirish, xususiy sektor va a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, BMT agentliklari bilan o‘zaro ishlash, kadrlar salohiyatini oshirish (capacity building) hamda milliy turizm strategiyalarini amalga oshirishda institutsional hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida BMT Turizm Bosh kotibi mamlakatimizda qabul qilingan  “2027-yil — Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili”ni yuqori darajada o‘tkazish maqsadida joriy yilning 2-fevral kuni BMT Turizm tomonidan “Yo‘l xaritasi” e’lon qilinganini qayd etdi. Shuningdek, ushbu yil doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlarni tashkil etishda O‘zbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, barqaror va yashovchan turizmni rivojlantirish ijtimoiy-iqtisodiy o‘sishni ta’minlash hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim omil hisoblanadi.  

Shu bilan birga, tomonlar joriy yil yakunida  “2027-yil – Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili”ni ochilish marosimlaridan birini O‘zbekistonda o‘tkazish bo‘yicha tegishli tadbirlarni tashkil etishga kelishib oldi.

Uchrashuv yakunida Turizm qo‘mitasi raisi BMT Turizm Bosh kotibini O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qildi. Shuningdek, tomonlar turizm sohasining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiluvchi tashabbuslarni ilgari surish va uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash borasida birgalikda ishlashga kelishdi.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA