Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Boltiqbo‘yi mamlakatlarining fuqarolik jamiyati yosh vakillari o‘rtasida hamkorlik, tajriba almashish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari kengaymoqda.
Germaniyaning “G‘arb-Sharq uchrashuvi” jamg‘armasi tashabbusi bilan Berlin shahrida “Kelajak almashinuvi – yoshlar va muloqot” forumi bo‘lib o‘tdi. Xalqaro forumda mamlakatimizning nodavlat notijorat tashkilotlari, jumladan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakili ishtirok etdi.
Tadbir doirasida yoshlar hamkorligini faollashtirish, xalqaro media loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, yoshlar integratsiyasi jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish mavzularida muhokamalar tashkil etildi.
Jumladan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bosh mutaxassisi Fotihjon Qodirov qatnashgan “Sharq–G‘arb” formatidagi ekspertlar muhokamasida davlatlar va mintaqalararo aloqalarni mustahkamlashda yoshlar o‘rtasida doimiy xalqaro muloqotni qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida yoshlar bilan ishlashga oid yangi loyihalar, vositalar va zamonaviy yondashuvlar taqdim etildi, deyiladi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ma’lumotida.
Forum yoshlar masalalari bo‘yicha bilim va tajriba almashish, hamkorlikning kelgusi rivojlanish istiqbollarini belgilash uchun samarali platformaga aylandi.
A.RUSTAMOV, O‘zA