Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahridagi Binokor mahallasida istiqomat qiluvchi 18 yoshli Sevinch Jumaboyeva adaptiv sportda qo‘lga kiritgan ketma-ket g‘alabalari orqali hayotga bo‘lgan munosabatini butunlay o‘zgartirdi.
Bolaligidan nogironligi tufayli ko‘p yillar davomida uydan chiqmay yashagan Sevinch uchun sport haqiqiy umid va erkinlik eshigini ochdi.

So‘nggi yillarda yurtimizda imkoniyati cheklanganlar sportini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Prezident tashabbuslari va maxsus dasturlar doirasida ular uchun zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda. Inshootlarga erkin kirish, maxsus jihozlar bilan ta’minlash, tajribali murabbiylar yordami. Bu yangicha imkoniyatlar Sevinch taqdirida ham tub burilish yasadi.

– Qizimga 18 yil davomida o‘zim qaradim. Ilgari sport haqida o‘ylash ham qiyin edi. Birinchi musobaqada g‘alaba qozonganida ham hayratlandim, ham hayajonlandim. Bu darajada natija ko‘rsatishini umuman kutmagan edim, – deya xotirlaydi onasi Malika Jumaboyeva.
Hozir Sevinch har kuni sport zalida mashg‘ulot o‘tkazadi. U yadro uloqtirishda mahoratini oshirib, turli bellashuvlarda ishtirok etmoqda. Dastlab sportga qiziqmaganini u samimiy tan oladi:

– Meni para yengil atletikaga taklif qilishganida, qiziqishim past edi. Ammo ketma-ket g‘alabalar o‘zimga bo‘lgan ishonchni kuchaytirdi. Ayni paytda navbatdagi musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘ryapman, – deydi Sevinch.
Uning hayotidagi eng katta o‘zgarishlardan biri — mustaqil harakatlanish imkoniyatidir.
– Menga zamonaviy elektron aravacha berildi. Endi yordamsiz ham ko‘chaga chiqib, mashg‘ulotlarga bora olaman, – deydi u quvonch bilan.

Darhaqiqat, imkoniyat va ishonch berilsa, inson o‘z salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqara oladi. Bunga Sevinchning hayot, taqdiri yaqqol misoldir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri