Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Berdoli obod bo‘lmoqda
20:30 / 2023-09-16

Prezident topshirig‘i amalda

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 21-22 aprel kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga qo‘mitaning byudjetdan tashqari veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan homiylik asosida Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani “Berdoli” MFY hududida 330 o‘rinli maktab, 100 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti, mahalla guzari, kutubxona, sport maydonchasi qurish va jihozlash  topshirig‘i berilgan edi.  

Mazkur topshiriq ijrosi doirasida joriy yilda Berdoli mahallasida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Zamonaviy maktab va bog‘cha, mahalla guzari qurib bitkazildi. Ichki yo‘llarga asfalt yotqizildi.  

[gallery-13612]

Ushbu ob’ektlar keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tantanali ochildi.  

Dastlab ishtirokchilar 330 o‘rinli 98-maktab binosi foydalanishga topshirilishi  tadbirida qatnashib, ilm maskanida yaratilgan shart-sharoitlar bilan  tanishdi.  

Qariyb 13 milliard so‘mga yaqin mablag‘ evaziga barpo etilgan maktabda o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi uchun barcha qulaylik yaratilgan. Xususan, keng va yorug‘ sinfxonalar, sport zali, zamonaviy oshxona, majlislar zali, stadion, voleybol va boshqa sport o‘yingohlari o‘quvchilar ixtiyoriga topshirildi.

– Mana shunday keng va yorug‘, zamonaviy maktabda sifatli ta’lim olish bizning orzuimiz edi, – deydi 11-sinf o‘quvchisi Munisa Boqiyeva. – Yurtboshimizning  kelajak avlodni o‘ylab, barcha shart-sharoitni yaratib berayotganidan bag‘oyatda minnatdormiz. Albatta, biz yoshlar ham yaratilgan bu imkoniyatlarga munosib javob berib, kelgusida yetuk kadr bo‘lib yetishishga, jamiyatimizning qaysi bo‘g‘inida bo‘lmaylik, yurtimiz taraqqiyotiga astoydil hissa qo‘shishga va’da beramiz.  

Hududdagi bolajonlar yillar davomida maktabgacha ta’limni olishda muammolarga duch kelayotgan edi. Endilikda ularning bu orzulari ham ushaldi.  

10 milliard so‘mga yaqin mablag‘ evaziga qurilgan 30-sonli 120 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti berdolilik bolajonlarning sifatli ta’lim-tarbiya olishiga xizmat qiladi.  

–Prezidentimizning bergan topshiriqlariga binoan Qamashi tumani Berdoli mahallasida 330 o‘rinli maktab, 120 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda mahallaga yangi bino qurib berildi, – deydi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Jabborov. – Mana bugun uchala yangi ob’ekt ham  to‘liq jihozlangan holda mahalla aholisiga topshirildi. Bundan tashqari, mana shu qurilgan ob’ektlarga olib keladigan mahalladagi ichki yo‘llarga asfalt yotqizish ishlari ham bajarildi. Albatta, mana shunday chekka hududlarda bunday zamonaviy muassasalarni qurish davlatimiz rahbarining ta’lim va boshqa sohalarda olib borayotgan islohotlarining mevasi, deb o‘ylayman. Umid qilamizki, ushbu ta’lim muassasalaridan iqtidorli, yetuk, yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘shadigan o‘g‘il-qizlar yetishib chiqadi.  

Berdolida qo‘shaloq bayram bo‘ldi. Yangi mahalla guzari qishloq aholisining ko‘p yillik orzularining ro‘yobiga aylandi. Guzarda zamonaviy kutubxona, IT-markazi, “Go‘zallik saloni” mavjud. MFY raisi, xotin-qizlar faoli, hokim yordamchisi va uchastka  inspektorlari uchun alohida-alohida xonalar ajratib berilgan bo‘lib, to‘liq zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan. Ushbu maqsadlarga 3 milliard so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirildi.  

– Mahallamizda bo‘layotgan bunyodkorlik, obodonchilik ishlari nafaqat yoshlarda, balki biz keksalarda ham faxr tuyg‘usini uyg‘otmoqda, – deydi Ashurqul bobo Abrayev. – Nabiralarim 5 kilometrdan ziyod masofani piyoda bosib o‘tib, qo‘shni qishloqdagi maktabga qatnardi. Yog‘in-sochin kunlarda ko‘chalar loy, chang-to‘zon. Mahallamiz idorasi ham eski pastqam binoda joylashgan edi. Mana ko‘ringki, qisqa fursatda mahallamizni tanimay qoldik. Ravon yo‘llar, zamonaviy maktab va bog‘cha, obod va shinam mahalla guzari – barcha-barchasi hayratlanarli. Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar aholimizni mamnun qilmoqda, xursandchiligimiz cheksiz. Biz keksalarning qo‘llari doim duoda. Yurtimizning tinchligiga, hurligiga va taraqqiyotiga ko‘z tegmasin.

Savob ishni qilsang oxirigacha qil deganlaridek, homiylar ushbu yangi qurilgan binolarga kelib-ketuvchilarga qulaylik bo‘lishi uchun mahalladagi 33 kilometr ichki yo‘llarni ham ta’mirlab, asfalt yotqizib berishibdi.  

Bugun bu kabi bunyodkorlik ishlari yurtimizning har bir go‘shasida amalga oshirilmoqda. Bu mamlakatimizda inson manfaatlarini ko‘zlab olib borilayotgan oqilona siyosatning samarasidir.  

Tadbirlarda  Qashqadaryo  viloyati  hokimi  M.Azimov qatnashdi.

 

O‘lmas Barotov,  Jamshid Norqobilov (surat),

O‘zA muxbirlari