Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Beqaror dunyoda barqaror sheriklik – O‘zbekiston va Yaponiya tanlovi
13:53 / 2025-12-20

Bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda O‘zbekiston – Yaponiya munosabatlari faqat o‘zaro manfaat bilan cheklanmaydi. Bil’aks, mintaqaviy omillar, global beqarorlikka moslashish va uzoq muddatli strategik barqarorlikni ta’minlash istagi bilan ham chambarchas bog‘liq holda rivojlanmoqda. Markaziy Osiyoning xalqaro maydondagi ahamiyati ortib borayotgan bir payt yoshlar va ilmiy almashinuv inson kapitaliga tayangan hamkorlikning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan kelgusi 5-10 yilda qaysi yo‘nalishlar O‘zbekiston – Yaponiya munosabatida hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi juda muhim. Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Barno Suyunova bilan aynan shu masalalar yuzasidan suhbatlashdik.

Ikki davlat munosabatida mintaqaviy omillar qanchalik muhim?

Global geosiyosiy manzara jadal o‘zgarishi tufayli Yaponiya ham tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqmoqda. Masalan, o‘zgaruvchan dunyo sharoitida, Tokio Markaziy Osiyoni strategik ahamiyatga ega mintaqa sifatida baholayapti. Davlat rahbarlarini to‘plagan ilk “Markaziy Osiyo – Yaponiya” sammiti bunga yaqqol misol.

Yaponiya Markaziy Osiyoga nisbatan munosabatini 2004 yildayoq C5+ formatini taklif qilish orqali boshlagan. O‘tgan yigirma yil davomida mintaqaviy aloqalar sokin rivojlandi. Bugun esa O‘zbekiston ayni jarayonda asosiy ishtirokchi.

Eng ishonchli va uzoq muddatli hamkorlarimizdan biri sifatida e’tirof etiladigan kun chiqar mamlakat O‘zbekistonning modernizatsiya yo‘lidagi sa’y-harakatini, ilg‘or texnologiyani joriy etish orqali barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan siyosatini doim faol qo‘llab-quvvatlab kelgan. Yapon sarmoyadorlari, texnologiya va boshqaruv tajribasi yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning muhim tarkibiy qismiga aylanib, milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. 2024 yil Nagoya shahrida O‘zbekiston – Yaponiya savdo uyi ochilishi ikki davlat biznes doiralari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Shu tariqa nafaqat savdo, balki texnologiya transferi va qo‘shma korxonalar tashkil etish uchun ham muhim maydon yaratildi.

Global geosiyosiy beqarorlik

o‘zaro hamkorlikka qanday ta’sir qilmoqda?

O‘zbekiston Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bilan Yevropa o‘rtasidagi muhim ko‘prik vazifasini bajara oladi. Transport, logistika va raqamli infratizimni rivojlantirish loyihalari mamlakatlarimiz uchun strategik ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, Yaponiyaning texnologik ustunligi, yuqori sifatli mahsulotlari va taraqqiyotga nisbatan innovatsion yondashuvi ham Markaziy Osiyo uchun o‘ta muhim. Tokio o‘z imkoniyatini raqobatchi emas, balki to‘ldiruvchi tamoyili asosida taqdim etmoqda. Respublikamizning mintaqada o‘zaro ishonch, yaqin qo‘shnichilik va mukammal hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarini Yaponiya to‘liq qo‘llab-quvvatlayapti. Demak, bu davlat O‘zbekistonni nafaqat iqtisodiy, balki geosiyosiy jihatdan ham muhim hamkor sifatida ko‘radi. Mintaqaviy xavfsizlik, transchegaraviy muammo va iqtisodiy integratsiya masalasida ham manfaatlarimiz uyg‘un.

Yoshlar va ilmiy almashinuvning ahamiyati

Munosabatlarning eng samarali yo‘nalishlaridan biri ta’lim va yoshlar almashinuvi dasturlari bo‘lib, bu soha jiddiy strategik investitsiya hisoblanadi. Xususan, 1996 yildan beri maxsus stipendiya yordamida O‘zbekistondan 556 talaba Yaponiyada tahsil oldi. 1999 yildan buyon JDS dasturi orqali 360 nafarga yaqin o‘zbekistonlik mutaxassis malaka oshirdi. Umuman, turli loyihalar doirasida 1000 ga yaqin o‘zbekistonlik kun chiqar yurtda bilimini oshirdi. 2014 yil tashkil qilingan yapon universitetlari bitiruvchilari klubi – UJUAC bugungi kunda 400 ga yaqin a’zoni birlashtirib, xalqlarimiz o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarmoqda. Bu tarmoq nafaqat madaniy, balki iqtisodiy va ilmiy aloqalarni rivojlantirishda ham muhim vosita hisoblanadi.

Istiqbol...

Yaqin 5-10 yilda O‘zbekiston – Yaponiya sherikligi qator yo‘nalishlarda faol rivojlanishini taxmin qilish mumkin. Bu jarayonda yangi texnologiya va raqamlashtirish sohasi yetakchilik qiladi. Sun’iy intellekt, robototexnika, biotexnologiya bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar ko‘lami kengayadi.

Yashil energetika va ekologiya texnologiyalari strategik ustunlikka ega bo‘ladi. Zero, quyosh, shamol va vodorod energetikasi, dekarbonizatsiya loyihalari har ikki davlat milliy manfaatiga mos.

Inson kapitaliga sarmoya kiritish kuchayadi. Ta’lim, ilmiy tadqiqot, mutaxassislar almashinuvi uzoq muddatli hamkorlik poydevoriga aylanadi.

Mehnat migratsiyasi va kadrlar tayyorlash umumiytizimi rivojlanadi. Yaponiyada mehnat kuchi tanqisligi, O‘zbekistonda esa malakali kadrlar tayyorlash imkoniyati kengligi o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun ulkan salohiyatdir.

Musulmon Ziyo suhbatlashdi,

O‘zA