Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bepul yuridik yordam samaradorligi qanday ta’minlanadi?
15:24 / 2022-08-02

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 3 yilda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish uchun byudjetdan 111,9 milliard so‘m sarflangan.

Ko‘plab xorijiy davlatlarning tajribalari o‘rganilganda, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish nafaqat jinoyat ishlari, balki ma’muriy va fuqarolik ishlarida ham joriy qilingan. 

Endilikda mamlakatimizda ham davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan ishlar ro‘yxatiga fuqarolik va ma’muriy ishlar ham kiritilmoqda. Bu orqali fuqarolarning bepul yuridik yordam olish imkoniyatlari, davlat hisobidan yuridik yordam oluvchi shaxslarning doirasi kengayadi.

Ushbu tartiblar aks etgan «Davlat hisobidan yuridik yordam to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qizg‘in muhokama etildi. Qonun loyihasi yuzasidan adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov ma’ruza qildi:

— 5 ta bob, 34 ta moddadan iborat qonun loyihasi bilan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishning tamoyillari, ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, fuqarolarning yuridik yordam olishga bo‘lgan huquqlari kafolatlari belgilanmoqda. Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar reyestrini yuritish va unga advokatlarni kiritishning ochiq va shaffof mexanizmlari belgilanmoqda. Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etgan holda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni inson omilisiz elektron tizim orqali tasodifiy tanlash tartibi joriy etilmoqda. Adliya vazirligi davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishni muvofiqlashtirish uchun mas’ul davlat organi sifatida belgilanib, ushbu vazifa uning tizimidagi yuridik xizmat ko‘rsatish markazlariga yuklatilyapti. Qonun loyihasining qabul qilinishi davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishning shaffof tartibini joriy etish hamda kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga yordam ko‘rsatish borasida ajratilayotgan davlat byudjeti mablag‘larining samarali foydalanishiga xizmat qiladi, — dedi vazir o‘rinbosari.

Belgilanayotgan normalarga ko‘ra, ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqaro biror masalada davlat hisobidan yuridik yordam olish maqsadida murojaat qilsa, elektron tarzda inson omilisiz advokat tanlab beriladi. Ammo malakasiz, tajribasizroq advokat bo‘lsa, oddiy bir vaziyatda ham fuqaroning foydasiga masalani hal qilib berolmasligi mumkin. Shu ma’noda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish samaradorligini kim baholaydi, davlatning puli hisobidan advokat xizmat ko‘rsatsa, uning xizmatidan fuqaro rozi bo‘lmasa, qayerga murojaat qilishi mumkin, kabi qator dolzarb savollar berildi.

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.

Shuningdek, yig‘ilishda «O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan ushbu hujjatga asosan kiritilayotgan o‘zgartishda mulk huquqi bilan bog‘liq munosabatlar maxsus qonun bilan tartibga solinayotganini inobatga olib, Fuqarolik kodeksining tegishli moddalaridagi «qonun hujjatlari» degan so‘zlar «qonun» degan so‘z bilan almashtirilmoqda.

Majlisda deputatlar muhokama etilgan qonun loyihasini maromiga yetkazish yuzasidan o‘z taklif va fikr-mulohazalarini bildirdi va ikkinchi o‘qishda qabul qildilar.

Majlisda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Ushbu hujjat ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga jazoni o‘tash sharoitlarini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish, mehnatga jalb etilgan mahkumlarning koloniyalardagi ish stajini umumiy mehnat stajiga qo‘shib hisoblash tartibini joriy etish hamda mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tganligini belgilovchi qat’iy mezonlarni belgilash maqsadida ishlab chiqilgan.

Qonun loyihasi bilan manzil-koloniyalarda O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi, Soliq kodeksi hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ya’ni, jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan mahkumlarning huquq doirasi kengaytirilib, xalqaro huquq normalari bilan muvofiqlashtirilmoqda.

Shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarida mehnatga jalb etilgan mahkumlarga koloniyalardagi ish stajini ularning umumiy mehnat stajiga qo‘shib hisoblash tartibi joriy etilmoqda. Shu bilan birga, mahkumlarga rag‘batlantirish, muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish choralarini ko‘rish uchun asos bo‘ladigan mahkumning tuzalish yo‘liga o‘tganligini baholovchi aniq mezonlar belgilanyapti.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini yanada kuchaytirishga xizmat qilishini e’tiborga olib, uni birinchi o‘qishda qabul qildilar.

Muhtarama Komilova, O‘zA