Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni elektron tanlash imkoniyati yaratilmoqda. Bunda advokatni ishga jalb etish inson omilisiz “Yuridik yordam” axborot tizimi (http://e-advokat.uz ) orqali tasodifiy tanlanadi.
Ma’lumot uchun: amalda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishi uchun advokat faqat jinoyat ishlari bo‘yicha surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan jalb etiladi.
Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatgan advokatlar haqidagi ma’lumotlar ochiq va shaffof holda “Yuridik yordam” axborot tizimida e’lon qilinadi.
Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni elektron tanlash tizimi “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qabul qilinib, tegishli protsessual qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritilganidan so‘ng ishga tushiriladi. bugungi kunda qonun loyihasi Oliy Majlis Senatida ko‘rib chiqilmoqda.
Ushbu loyiha bilan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan ishlar ro‘yxatiga fuqarolik va ma’muriy ishlarni kiritish orqali fuqarolarning bepul yuridik yordam olish imkoniyatlari yaratiladi.
Bepul yuridik yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirilishi va shaffoflashtirilishi fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshiradi.
O‘zA