Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Beparvolik “virusi” bor ekan, “tojdor yov” kuchayib boraveradi
19:01 / 2020-06-03

Jons Xopkins universiteti maʼlumotlariga koʻra, dunyo boʻyicha yangi turdagi koronavirusga chalinganlar soni olti milliondan oshdi, 375 ming nafardan ziyod kishilar esa vafot etdi.


Jons Xopkins universiteti maʼlumotlariga koʻra, dunyo boʻyicha yangi turdagi koronavirusga chalinganlar soni olti milliondan oshdi, 375 ming nafardan ziyod kishilar esa vafot etdi.

Aytishga oson, ammo qalbni larzaga soluvchi raqamlar... Bir oilani otadek tayanchi, onadek mehriboni, yana qaysi bir xonadon sohibini guldek farzandidan ayirgan “jallod”. Unga butun dunyo qarshi kurashmoqda, biroq, afsuski, qurbonlar soni tobora ortib boryapti. Nega? Nahotki, jahon tibbiyoti ham bu baloni daf etmoqqa qodir boʻlmasa?!

Darhaqiqat, hozirgacha uning davosi topilgani yoʻq. Birgina shifo yoʻli, bu — sizu bizdan talab qilinayotgan, oʻrnatilgan karantin qoidalariga amal qilmoq. Ularga beparvolik barchamizga qimmatga tushishi tayin.

Afsuski, soʻnggi kunlarda yurtimizda “tojdor” virusni yuqtirib olganlar soni sezilarli darajada koʻpaydi. Nafaqat chet eldan olib kelingan vatandoshlar, balki aholi orasida ham u bilan ogʻriganlar aniqlanayotgani kishini tashvishga soladi.

Yaqindagina kasallikka chalinganlarning 80 foizdan ziyodi sogʻaygani, tizgin qoʻlga olingani haqida sevinib gapirayotgandik. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida karantin cheklovlari ham yumshatildi. Biroq buni oʻz bilganicha talqin qilib, beparvolikka berilgan fuqarolar orasida yana kasallik koʻpaygani hali quvonish uchun erta ekanini koʻrsatdi.

“QIZIL HUDUD”LAR NEGA KOʻPAYMOQDA?

Bemorlarning qariyb 50 foizini xorijdan olib kelinib, karantinga olingan fuqarolar tashkil etayotgani rost. Ammo bu boshqalarning xavfli virusni yuqtirishdan xoliligini anglatmaydi. Hozirgacha 80 dan ortiq tuman (shahar)larning “qizil” va “sariq” hudud sifatida qolganining oʻziyoq har birimizni hushyor torttirishi shart. Maʼlumki, keyingi kunlarda aholi oʻrtasida kasallanganlarning soni ortib bormoqda. Xususan, Navoiy, Samarqand, Toshkent shahri va viloyatida ana shunday holatlar aniqlandi.

Nahotki, baʼzi yurtdoshlarimiz hanuz beparvolik “virusi” “tojdor yov”dan ham koʻra xavfli ekanligini tushunishmayotgan boʻlsa?! Karantin qoidalariga rioya etmayotgan kimsalar nafaqat masʼuliyatni his qilayotgan boshqa fuqarolarni ranjitmoqda, balki jamiyat salomatligi, davlatning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligiga xavf solyapti. Bizning hudud “yashil”, bizga hammasi mumkin, deya cheklovlarni pisand qilmaslikdan kim naf koʻradi? Hech kim. 

Aksincha, shu ishni qilgan oʻsha shaxs emas, balki hamma zarar koʻradi. Xudo koʻrsatmasin, agar kasallikni yuqtirib olsa, uyidagi keksa ota-onasi, oilasi, farzandlarining hayoti ham xavf ostida qoladi. Binobarin, bozorlar, savdo majmualari, banklarda ijtimoiy masofaga amal qilmayotgan, jamoat joyida niqob taqmay yurgan, vaziyatni koʻra-bila turib, uyida bemalol yigʻinlar oʻtkazayotganlarni qanday tushunish mumkin?!

ODAMNING ENG YOMONI — BEPARVO VA LOQAYDI

Hayotimizni, ummondagi bir katta yelkanli kemaga oʻxshatadigan boʻlsak, u kemani bekami-koʻst boshqarish uchun hamma vazifadorlar oʻz ishini sidqidildan va mukammal ado etishi lozim. Aks holda, kema bir yoki bir necha beparvo insonlar aybi bilan biror falokatga duchor boʻlishi mumkin. Afsus, buni barcha ham birdek anglamaydi. Hali-hanuz begʻamlik, loqaydlik, sodir boʻlayotgan hodisalarni koʻrib, koʻrmaslikka olish kabi illatlar mavjud, oramizda kasallikka qarshi kurash faqat davlatning ishi deb oʻylaydiganlar ham uchraydi. 

Ammo bu bilan biron natijaga erishib boʻlmaydi. Safimizda loqayd kimsalar hanuz bor ekan, kasallikni yenga olmasligimizni barchamiz anglashimiz shart. Bu fuqarolik masʼuliyatini his etmagunimizcha, erishilayotgan natijalar ham boʻy koʻrsatmasligi aniq.

Luqmoni Hakimdan “Odamlarning eng yaramasi, eng yomoni kim?” deb soʻralganida u kishi: “Odamlarning yomonlik qilayotganini koʻra turib, koʻrmaslikka olgani, beparvo, loqayd boʻlganidir”, deb javob bergan ekan. Shunday ekan, jamoat joylarida karantin qoidalariga amal qilinmayotganining guvohi boʻlsangiz, bu holatga befarq qaramang. 

“Menga nima, sogʻligʻi oʻziga kerak”, deya yuz burmang. Shundaylarni ogohlikka chorlang! Balki oʻsha kishi oʻz sogʻligʻiga loqayddir, biroq siz jamiyatimiz sogʻligʻiga befarq boʻlmang. Virusga qarshi kurashda har birimizning ishtirokimiz borligini unutmang!

BARCHA HARAKATLARU XARAJATLARNI YOʻQQA CHIQARMANG!

Kun yakunida koronavirus bilan bogʻliq vaziyatga oid xabarlar bilan tanishamiz. Kasallanganlar soni ortgani, hududlarning “yashil”dan “sariq”qa, “sariq”dan “qizil”ga oʻtgani, oʻlim holati qayd etilganini koʻrib, qalbda ogʻriq sezamiz. Bularning barchasi kichik eʼtiborsizlik, loqaydlik sabab roʻy berayotganidan xavotirga tushamiz. Bunday salbiy holatlar kasallikni aniqlash, uning oldini olish va davolash uchun davlatimiz tomonidan qilinayotgan xatti-harakatlaru byudjetdan olinayotgan trillionlab xarajatlar natijadorligini yoʻqqa chiqarishi mumkinligi esa yana-da achinarli.

Haqiqatan ham, oʻrnatilgan tartib-qoidalarni mensimasak, vaziyat taranglashib boraveradi. Misol uchun, Braziliya, Chili va Hindistonda aprel oyidan buyon virusni yuqtirganlar soni haftasiga 40-50 foiz oʻsmoqda. Bunday salbiy statistikada beparvolik, masʼuliyatsizlik eng asosiy omillar ekanligi hech kimga sir emas. Oqibatda hind diyorida karantinga rioya etmaganlar politsiya xodimlari tomonidan tayoq bilan kaltaklanib, uylarga haydash oddiy holatga aylangan. Shunga qaramay, hozirgi kunda mamlakat aholisi salomatligini saqlab qolish masalasi boshi berk koʻchaga kirib qoldi.

Bizdan esa madaniyat va xushmuomalalik bilan ogoh boʻlishga, karantin qoidalariga rioya etishimiz soʻralyapti. Nahotki, shu oddiy vazifani bajarishimiz shunchalik qiyin boʻlsa?!

Xulosa oʻrnida xitoylik buyuk faylasuf Konfutsiyning ushbu soʻzlarini keltirib oʻtmoqchimiz: “Hushyor boʻl, xuddi jar yoqasida turgan kabi. Hushyor boʻl, xuddi yupqa muz ustida yurgan kabi”. Koronavirus pandemiyasi paytida hushyorlikni ana shunday darajaga oshirish kerak. Karantin paytidagi beparvolik esa har birimizni, shubhasiz, “tojdor yov”ning azobli jariga qulatib yuborishi yoki singan muz ostidagi tubsiz chuqurlikka tortib ketishi mumkin.

Ravshan MAKSUDOV,
Fargʻona davlat universiteti rektori,
texnika fanlari doktori, professor.