Har bir asrning o‘z taraqqiyoti bo‘lgani kabi XXI asrning ham olamshumul taraqqiyoti bor. Bu ham bo‘lsa — texnika. Ayniqsa, bugungi kunga kelib, sun’iy intellekt hayotimizga jadal kirib kelmoqda. Uning taraqqiy etayotgani, ko‘plab sohalarda ijobiy samara berayotgani bor gap. Hattoki, ayrim yoshlar sun’iy intellektni o‘ziga ustoz deb atamoqda. Bu yaxshimi, yomonmi sun’iy idrokning natijasi, albatta.
Masalaning xavotirli jihati shuki, o‘sha sun’iy idrok aniq ma’lumotlar, raqamlardan tashqari ijod olamiga ham aralasha boshladi. Bugungi kunda saviyasiz qo‘shiqlar-u, undan qolishmaydigan she’rlarga bo‘lgan e’tirozlar ko‘payib borayotgani ko‘z yumib bo‘lmas haqiqat. Bularning hammasi sun’iy intellekt mahsuli ekani kishining hafsalasini pir qiladi.
Har bir kashfiyotdan ko‘zlangan maqsad shubhasiz inson hayotini yaxshilashga qaratilgan. Ammo undan boshqa maqsad yo‘lida foydalanib boshlansa, u kishilarning zarariga xizmat qilishi aniq. Xususan, sun’iy idrok ham sohalar kesimida raqamlashtirishni takomillashtirish, aniq va tezkor ma’lumotlar berish orqali insonlarga qulaylik yaratish uchun yaratilgan. Biroq, ba’zi ijod ostonasiga qadami yetolmagan kimsalar undan go‘yoki ijod qilish maqsadida ham foydalanmoqda. Bu orqali ular birinchi navbatda o‘z obro‘larini yo‘qotmoqda, shu bilan birga sun’iy intellekt haqidagi insonlar fikrini salbiy tomonga o‘zgartirmoqda.
Ta’kidlash joizki, ijod muqaddas tushuncha bo‘lib, har kim ham ijodkor bo‘la olmaydi. Negaki, u aql emas, balki ko‘ngil mahsulidir. Shuning uchun ham bu mo‘tabar ne’matning mohiyatini anglamay, butunlay his-tuyg‘udan xoli bo‘lgan, o‘z nomi bilan sun’iy idrok deb ataluvchi vositadan ijod yo‘lida foydalanayotganlarga bildirilayotgan keskin e’tirozlar asosli.
—She’r va qo‘shiq azal-azaldan insonlar uchun muhim ma’naviy ozuqa bo‘lib kelgan. Har ikkisi ham bevosita kishi hayot tarzi bilan bog‘liq. Negaki, qo‘shiq ham, she’r ham inson kechinmalarini aks ettiradi. Uning yaxshi yoki og‘ir kunida ular hamisha hamdam. Shunday ekan, xalqning qadriyatlari, odam kechinmalaridan butunlay bexabar bo‘lgan sun’iy idrokning bunga aralashuvi mantiqqa tamomila zid, — deydi “Yuksalish maktabi” musiqa fani o‘qituvchisi Dilshodbek Jumanazarov.
Ko‘rinib turibdiki, har qanday eksperiment o‘zini doim ham oqlayvermaydi. Shunday ekan, tabarruk ijod bog‘ini sun’iy gullar bilan to‘ldirmoqchi bo‘layotgan sun’iy ijodkorlarga qarshi keskin kurashmoq shart. Shundagina kelajak avlod uchun arzirli va salmoqli ijodiy meros qoldirmog‘imiz mumkin.
Sherbek Islomov, O‘zA