Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Benzin ta’minotida muammo bo‘lmaydi (+video)
12:34 / 2022-12-19

Mamlakatimizda qishning dastlabki kunlarida havoning sovub ketishi tufayli tabiiy gaz bosimida pasayish va elektr energiya ta’minotida uzilishlar bo‘ldi.

Prezidentimizning 2022 yil 12 dekabrdagi “Kuz-qish mavsumida iste’molchilarni avtobenzin mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash va ularning narxlari keskin oshishining oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar ishlar samaradorligini oshirish, energetika tizimida kuzatilayotgan salbiy holatlarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.  

Davlatimiz rahbarining qaroriga asosan barcha AYOQSHlarda 1 litr o‘lchamdagi AI-80 benzinining qat’iy narxi 5700 so‘m etib belgilandi. Xo‘sh, Namangan viloyatida ayni vaqtda haqiqatdan ham AI-80 marakali benzin o‘z narxida sotilyaptimi? Mahsulot shoxobchalarga o‘z vaqtida yetkazib berilyaptimi? Ta’minotda uzilishlar yo‘qmi? Bu borada “O‘zneftgazinspeksiya” viloyat hududiy bo‘limi mutaxassisi hamrohligida Namangan shahri va To‘raqo‘rg‘on tumanida o‘rganishlar olib bordik.  

Ta’kidlash joizki, viloyatda qish mavsumida iste’molchilarni avtobenzin mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash va ularning narxlari keskin oshishining oldini olish maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. “O‘zneftgazinspeksiya” viloyat hududiy bo‘limidan ma’lum qilinishicha, bugungi kunda Namanganda avtomobillarga yonilg‘i qo‘yish shoxobchalari soni 116 tani tashkil etadi. Viloyat markazi va barcha tumanlarda joylashgan AYOQSHlarda 13 dekabrdan boshlab AI-80 markali benzin 5700 so‘mdan sotila boshlandi.  

Dastlabki manzilimiz Davlatobod tumanidagi “To‘qimachilar” ko‘chasida joylashgan “O‘zneftgaz” aksionerlik kompaniyasi tasarrufidagi "UNG PETRO" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli 54-sonli AYOQSH bo‘ldi. Soat 09-45lar chamasi bu yerda 20 ga yaqin avtomashina benzin olish uchun navbatda turibdi. Lekin ushbu shoxobchada AI-80 markali benzin sotib tugatilgan. Shoxobcha katta operatori Mashrabjon Ahmedovning aytishicha, 15 dekabr kuni iste’molchilarga xuddi shu markadagi 22 ming litr mahsulot sotilgan. Kelgusida mijozlar xohishiga ko‘ra, ushbu mahsulot hajmini ko‘paytirish rejalashtirilgan. AI-92 va AI-95 markali benzin esa mijozlarga belgilangan narxlarga yetkazilmoqda.  

To‘raqo‘rg‘on tumanidagi magistralda joylashgan “Soy bo‘yi” xususiy korxonasiga qarashli shoxobcha hamisha mijozlar bilan gavjum bo‘ladi. Lekin, bu gal AI-80 rusumli benzin yo‘qligi sababli mashinalar oqimi nisbatan kamligini uchratdik. Buning sabablarini jamiyat ish boshqaruvchisi Sirojiddin Tursunboyev quyidagicha izohladi.  

– Davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq AI-80 markali benzin 1 litrini 7500 so‘mdan 5700 so‘mga tushirdik. So‘nggi uch kunda mijozlarimizga 30 tonna mahsulot yetkazib berdik. To‘g‘risi, kunlik benzinimiz barvaqt tugab qolmoqda. Buning asosiy sababi bizda benzin zaxirasi yo‘qligi hamda ta’minotchidan belgilangan mahsulotni o‘z vaqtida ololmayapmiz.  

– Ko‘pincha, ushbu “zapravka”ga kelib turaman. Prezidentimiz qarori asosida benzin narxi tushirilganidan xursand bo‘ldik, – deydi katta tajribaga ega bo‘lgan haydovchi Sodiqjon Yunusov. – Ammo, buguni bilan uchinchi shoxobchaga kelibmanki, AI-80 benzinini topolmadim. Shu bois, boshqa rusumdagi yonilg‘idan xarid qilishimga to‘g‘ri keldi. Tegishli mutasaddilar ushbu muammoni nazoratga olishsa, ayni muddao bo‘lardi. O‘rganishlarni davom ettirgan holda, "To‘raqo‘rg‘on neft bazasi" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Chust” ko‘chasi joylashgan 1-sonli AYOQSH faoliyati bilan tanishdik. Bu yerda 1 litr AI-80 benzin narxi 5700 so‘mdan uzluksiz sotilmoqda. Mijozlarga xizmat ko‘rsatish tunu-kun uzluksiz ravishda tizimli tashkil etilgani natijasida so‘nggi uch kun ichida bitta shoxobchaning o‘zida 73 ming 200 tonnaga yaqin AI-80 benzin sotilgan. Darvoqe, mazkur jamiyatga qarashli, Namangan shahrining Davlatobod tumani hududida joylashgan yana bir shoxobchada odamlar benzin olish uchun turnaqator navbatlarda kutib turganligiga amin bo‘ldik.  

Viloyat markazidagi eng gavjum mazkur shoxobchadagi ayni shu holatning oldini olish, kunlik yonilg‘i yetkazish miqdorini oshirish choralarini ko‘rilishi zarur.  

– Bizning jamiyatimiz viloyatdagi davlat va xususiy AYOQSHlar uchun ta’minotchi vazifasini ham o‘taydi, – deydi “To‘raqo‘rg‘on neft baza” MCHJ direktori Sharofiddin Fayziyev. –  Qish fasli yurtimizga bu yil ancha sovuq kelgani energetika tizimida ayrim uzilishlarni vujudga keltirdi. Ayniqsa, gaz bosimining pasayib ketganligi aholining benzinga bo‘lgan ehtiyojini oshirdi. Ishni tizimli tashkil etganmiz, tadbirkorlarimizga qarashli avtomashinalar navbati bilan kirib, mahsulotni belgilangan me’yorlarga rioya qilgan holda yuklab olmoqda.  

Prezidentimizning 2022 yil 15 dekabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bergan ko‘rsatmalari asosida 24 soat  davomida 350-400 tonnadan oshirib mahsulot qabul qilib olmoqdamiz. Jamiyatimizga qarashli shoxobchalarning har birida kunlik 2 ming tonna mahsulot zaxirasi yaratilgan. Qolaversa, tumanlarda faoliyat yuritayotgan 8 ta FYOTSH (fermerlarga yonilg‘i tarqatish shoxobchasi) da ham AI-80 markali benzin sotishni yo‘lga qo‘ydik. Tirbandliklarning oldini olish maqsadida 24 soatlik ish rejimiga o‘tildi. Eng muhimi, avtobenzin mahsuloti yetarli va uning ta’minotida muammo bo‘lmaydi.  

<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/HBW-aOp-IiY" title="Benzin ta’minoti: Namanganda vaziyat qanday?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

Oqilxon DADABOEV,  

O‘zA muxbiri