Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Benzin talabga javob bermadi: MCHJ jarimaga tortildi
13:47 / 2025-07-02

O‘zbekistonda neft mahsulotlari savdosida belgilangan talab va me’yorlarga amal qilish har bir tadbirkorlik sub’ektining majburiyati hisoblanadi. Ammo o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida sifat talablariga javob bermaydigan benzin mahsuloti sotilgani aniqlandi.

“Green Dizel” MCHJga tegishli AYOQSHdan AI-92 rusumli yoqilg‘i benzin quydirgan, natijada avtotransporti ta’mirtalab holatga kelgan fuqaro O.Sh. yetkazilgan moddiy zarar undirilishida amaliy yordam so‘rab Raqobat qo‘mitasiga murojaat qildi.

Qo‘mita tomonidan holatga aniqlik kiritish maqsadida “O‘zenergoinspeksiya” bilan hamkorlikda murojaat o‘rganib chiqildi.

Xususan, mazkur MCHJdan AI-92 markali benzindan namuna sotib olinib, laboratoriya tahlilidan o‘tkazilganda mazkur mahsulotning sifatsiz ekani, oktan soni 90,4 ekani, benzin aniqlangan 1-son qatordagi parametr bo‘yicha O‘zDst 3031-2015 davlat standarti talablariga mos kelmasligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, Qo‘mitaning sa’y-harakati bilan fuqaro O. Sh.ga yetkazilgan moddiy zarar “Green Dizel” MCHJ tomonidan qoplab berilishi ta’minlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yib, sifatsiz benzin sotgan ushbu AYOQSHga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanilgan.

O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni 4-moddasida iste’molchining hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni bo‘lgan tovar (ish, xizmat), shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning g‘ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, ma’naviy zarar to‘liq hajmda qoplanishi belgilab berilgan.

Mazkur qonunning 7-moddasi ko‘ra, agar tovar (ish, xizmat) haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilgani zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar (ish, xizmat) sotib olinishiga sabab bo‘lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilishga va o‘ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir.

Sifatsiz benzin nafaqat avtomobillarga, balki odamlar hayoti va xavfsizligiga ham zarar yetkazadi.  

"Green Dizel"  MCHJ tomonidan yo‘l qo‘yilgan bunday qonunbuzarlik esa sifatsiz mahsulotni sotish orqali aholi salomatligi va ishonchini xavf ostiga qo‘yadi. Bu kabi holatlarga nisbatan qat’iy chora ko‘rilishi boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun ham zarur saboq bo‘lib xizmat qilishi lozim.

N.Rahmonova,

O‘zA