Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Benzin narxining oshishiga ta’sir qiluvchi omillar nimalardan iborat?
19:52 / 2021-11-16

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Birja savdolari va elektron tijoratning rivojlanish natijalari va tahlili, benzin narxiga ta’sir qiluvchi omillar” mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va “O‘zbekneftgaz” AJ mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda keyingi paytda avtobenzin narxining oshishiga qanday omillar sabab bo‘layotgani muhokama mavzusiga aylandi.

Unda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farrux Qoraboyev, “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Zulfiddin Kamolov va boshqalar tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, ichki bozorda benzinga bo‘lgan talab va narxdagi keskin o‘zgarishlar tahliliga e’tibor qaratdi.

– bugungi kunda avtobenzin narxlari bo‘yicha savollar tug‘ilyapti. Aynan birja savdolarida va chakana narxlarning keskin o‘sishi kuzatildi. Birja savdolarida Ai-80 benzini masalasiga ham to‘xtalmoqchiman. Ai-80 benzining narxi yil boshidan 72 foizga oshgan. Bunga bir necha faktorlar sabab. Birinchisi, ichki talabning oshishi va noqulay jahon bozorlari konyukturasi bilan qisman bog‘liq. Masalan davlatimizda avtomobil benziniga bo‘lgan yillik talab oxirgi ikki yilda 1,1 million tonnadan 1,3 million tonnaga oshdi va narxga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. 2021 yanvar-aprel oylarida o‘rtacha birjada 54 ming tonna benzin sotilgan bo‘lsa, may-oktyabr oylarida 84 ming tonnaga yetgan. Bundan o‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, ichki talabning oshib borishi ta’sir qilmoqda, - dedi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farrux Qoraboyev.

“O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Zulfiddin Kamolov joriy yilda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha dinamik o‘sish va rivojlanish ko‘rsatkichlariga to‘xtalib o‘tdi.

– 2021 yil 10 oylik yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining barcha savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2020 yilning mos davriga nisbatan 61,5 foizga o‘sib, qariyb 70,0 trillion so‘mni tashkil qildi. Bunda tuzilgan bitimlar hajmining 86 foiz birja savdolariga, qolgan qismi esa elektron tijorat savdo tizimlari, shu jumladan ko‘rgazma-yarmarka savdolari, elektron davlat xaridlari, avtoraqam va mobil raqam onlayn auksionlariga to‘g‘ri keldi. Joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida elektron davlat xaridlari bo‘yicha tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi o‘tgan yilga nisbatan deyarli 2,5 barobarga oshib, qariyb 8,0 trillion so‘mga yetdi. Bunda byudjet va korporativ buyurtmachilari mablag‘larining tejalishi ikki marotabaga o‘sib, 1,3 trillion so‘mni tashkil qildi, – dedi Zulfiddin Kamolov.

Tadbirda 2021 yil yanvar-noyabr oylarida o‘tkazilgan birja savdolari natijasida shakllangan o‘rtacha narxlar ichki tovar bozorlarida yuzaga kelgan talab va taklifdan kelib chiqib, o‘sish va pasayish holatlarini namoyon etgani haqida ham so‘z bordi. Xususan, joriy yilning boshidan buyon sementning o‘rtacha birjada shakllangan narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 686,4 ming so‘mdan 504,7 ming so‘mgacha, ya’ni 27 foizga pasaygan. Xuddi shunday, 2021 yilning avgust-noyabr oylarida suyultirilgan gazning birjadagi narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 7 505,4 ming so‘mdan 3874,1 ming so‘mgacha, ya’ni 48foizga tushgan.

“O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Zulfiddin Kamolovning ma’lum qilishicha, birja bozorining ayrim tovar segmentilarida o‘sish holatlari kuzatilmoqda. Misol uchun joriy yil boshidan buyon birjaning avtomobil benzini segmentida o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda.

– Joriy yilning boshidan buyon AI-80 markali benzinining o‘rtacha haftalik kotirovkasi mahsulotning bir tonnasi uchun 5 700,2 ming so‘mdan 9 887,7 ming so‘mgacha, ya’ni 73,5 foizga o‘sgan. Birja savdolariga qo‘yilayotgan mazkur markali benzinning aksariyat qismi, ya’ni 84 foiz Buxoro neftni qayta ishlash zavodi hissasiga to‘g‘ri keladi. Ko‘rib chiqilayotgan davrda mazkur markali benzinning boshlang‘ich bahosi o‘rtacha 79,3 foizga o‘sib, mahsulotning bir tonnasi uchun 10 375,0 ming so‘mni tashkil qildi, – dedi Z.Kamolov.

Tadbirda “O‘zbekneftgaz” AJ bo‘lim boshlig‘i Doston Zunnunov benzin narx-navosi bo‘yicha qo‘yidagicha izoh berdi.

– Yig‘ilishda benzin iste’moli yildan-yilga oshib bormoqda, – dedi D. Zunnunov. – Avvalgi yillari bir yillik iste’mol bir million bir yuz tonna bo‘lgan bo‘lsa, bu yilga kelib bir million uch yuz tonnaga chiqdi. Shundan “O‘zbekneftgaz” AJ ishlab chiqaradigan hajm qariyb 60 foizni tashkil qiladi, ya’ni jamiyat butun bozorni qoplash uchun bor imkoniyatini solganda ham mahsulotni yetkazib bera olmaydi. Shu tanqislikda Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga chetdan uglevodorod xomashyosi import qilinadi. Import xomashyosi jahon katirovkalarida import qilinishi va so‘nggi paytlarda brend katirovkasi oshib ketayotganligi ham sabab bo‘lmoqda.

Tadbirda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi va boshqa tegishli idoralar bilan hamkorlikda benzin narxlariga ta’sir qiluvchi omillarni, shu jumladan, bozor ishtirokchilarining narxlarni sun’iy o‘sishga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlarini aniqlash va bartaraf etish ishlari davom ettirilayotganligi ma’lum qilindi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, Nishon ABDUVOITOV (video), O‘zA