French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Beni Gans: Garovga olinganlar qaytarilmasa, Rafohdagi quruqlik hujumi Ramazonda ham davom etadi
18:23 / 2024-02-20

Isroil harbiy Vazirlar Mahkamasi vaziri Beni Gans ta’kidlashicha, agar XAMAS tomonidan garovga olinganlar Ramazon oyigacha qaytarilmasa, Isroil G‘azoning eng janubidagi Rafoh shahrida harbiy amaliyotni yanada kengaytiradi.

– Biz buni muvofiqlashtirilgan tarzda amalga oshiramiz, aholi orasidagi qurbonlarni imkon darajasida kamaytirish uchun amerikalik va misrlik hamkorlar bilan muloqotda odamlarni evakuatsiya qilishga yordam beramiz, – dedi u.

Musulmonlarning muqaddas oyi 10 yoki 11 martda boshlanishi kutilyapti. Isroil fikricha, XAMASning 2023 yil 7 oktyabr kuni Isroilda 1200 ga yaqin kishi halok bo‘lgan hujumidan keyin G‘azoda 130 nafar garovga olingan.

Anklav sog‘liqni saqlash tizimi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil hujumi natijasida G‘azoda 29 000 dan ziyod inson qurbon bo‘lgan, 68 000 odam jarohatlangan.

– Shuni aniq ayta olaman: XAMASda tanlov bor – taslim bo‘lish va garovga olinganlarni ozod qilish, – dedi Gans. – Shunda G‘azo fuqarolari muqaddas Ramazon bayramini nishonlashlari mumkin.

XAMAS so‘nggi taklifida Isroil qo‘shinlari anklavdan bosqichma-bosqich olib chiqib ketilishi, oxir-oqibat urush butunlay to‘xtatilishi, shuningdek Isroildagi falastinlik asirlar, jumladan umrbod qamoq jazosini o‘tayotganlar ozod qilinishini talab qildi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu XAMASning bu taklifini “aldov” deya ta’rifladi.

Isroil XAMASni yo‘q qilish maqsadida Rafohdagi quruqlik amaliyotini kengaytirish rejalashtirilayotganini aytdi. Afsuski, o‘sha joyda boshpana topgan 1,5 millionga yaqin falastinlikning boradigan joyi qolmaydi, degan xavotir kuchaymoqda.

BMTning hududga yordam ko‘rsatish bo‘limi rahbari Martin Griffits fikricha, bunday hujum qirg‘inga olib kelishi va G‘azodagi insonparvarlik sa’y-harakatini “o‘lim eshigida” qoldirishi mumkin.

Qo‘shni Misr ham Isroilning ehtimoliy amaliyotiga qarshi chiqib, G‘azo sektori bilan chegarada qo‘shin va texnika bilan xavfsizlikni kuchaytirdi. Shuningdek, Rafoh chegarasiga olib boruvchi nazorat punktlarida qo‘shimcha harbiy kuch joylashtirdi.

Misrda xavfsizlik chorasi kuchayishi Isroil Rafohga hujum boshlasa, urush ushbu mamlakat hududiga tarqalib ketishidan xavotir asnosida sodir bo‘lmoqda. G‘azo aholisining yarmidan ko‘pi chegaradan bir necha qadam narida boshpana topayotgani sababli, Misr Tashqi ishlar vazirligi xodimi “begunoh aholi bilan to‘la bu hududni nishonga olish xavf tug‘dirishi mumkinligi”dan  ogohlantirdi.

Sun’iy yo‘ldoshdan olingan surat guvohlik berishicha, Misr janubiy G‘azo bilan chegara bo‘ylab ulkan devor qurayotganga o‘xshaydi, deb yozdi “CNN” o‘tgan hafta.

Misr tashqi ishlar vaziri Samih Shukriy chegarada harbiy tayyorgarlik ko‘rilayotganini rad etib, xabarda nazarda tutilgan harakat “davlat chegarasini mustahkamlash” ekanini ta’kidladi.

– Chegaramiz yaqinida kimnidir boshpana bilan ta’minlash rejasi yo‘q, – dedi Shukriy “Sky News” telekanaliga bergan intervyusida.

Ayni payt Isroil G‘azoning boshqa hududlarida amaliyotini davom ettirmoqda.

Bir necha kunlik bombardimondan so‘ng, o‘tgan hafta Isroil qo‘shinlari anklavdagi eng yirik – Xon Yunusdagi “Nosir” kasalxonasiga reyd uyushtirdi.

– O‘nlab tibbiyot xodimi hibsga olindi va 80 ga yaqin bemor kasalxonadan noma’lum joyga ko‘chirildi, – dedi G‘azo sog‘liqni saqlash tizimi vakili. – Elektr batamom uzilgan, yetti kishi halok bo‘ldi.

Isroil armiyasi bildirishicha, XAMAS kasalxonada garovga olinganlarni ushlab turibdi, halok bo‘lganlar jasadi tibbiyot majmuasida bo‘lishi mumkin.

XAMAS esa shifoxona bilan “hech qanday ishi bo‘lmagani”nita’kidlamoqda.

O‘tkir Mirzo tayyorladi.

O‘zA