Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Ben-Gvir Al-Aqso majmuasida ibodatxona qurishini aytdi. Mamlakatlar va qator rasmiylar uning status-kvoga qarshi mazkur xavfli izohini tanqid qilgan.
Al-Aqso Islom olamining uchinchi muqaddas joyi, Falastinning ramzi hisoblanadi. Vazir jurnalist bilan bo‘lgan suhbatda, agar ixtiyor o‘zida bo‘lsa, hududda ibodatxona qurishini bildirgan. Isroil hukumati tomonidan o‘nlab yillardan beri amaldagi status-kvoga muvofiq, yahudiylar va boshqa musulmon bo‘lmaganlar Sharqiy Quddusdagi ushbu binoga tashrif buyurishi mumkin, ammo ibodat qila olmaydi.
Ben-Gvir armiya radiosi orqali yahudiylarga binoda ibodat qilishga ruxsat berish kerakligini aytdi.
– Arablar xohlagan joyida nomoz o‘qiydi, – dedi u. – Demak, yahudiylar ham istagiga ko‘ra ibodat qilishi lozim. Hozirgi siyosat bunga imkon beradi.
2022 yil dekabr oyida Milliy xavfsizlik vaziri sifatida ish boshlaganidan beri Ben-Gvir muqaddas manzilga kamida olti marta borgan. Al-Aqso masjidi Iordaniyaga qarashli, ammo majmuaga kirish Isroil xavfsizlik kuchlari tomonidan nazorat qilinadi.
– Al-Aqso va boshqa muqaddas manzillar musulmonlar uchun toza ibodat maskani, – deyilgan Iordaniya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida. – Mamlakatimiz bunday hududlarga qilinayotgan hujumlarni to‘xtatish uchun barcha chorani ko‘radi. Bu borada zaruriy huquqiy hujjatlar tayyorlanmoqda.
Isroilning bir necha rasmiysi Ben-Gvirni qoraladi. Binyamin Netanyaxu idorasi bayonotida amaldagi siyosat o‘zgarmasligi ma’lum qilingan.
– Ma’bad tog‘idagi status-kvoga qarshi chiqish xavfli, keraksiz va mas’uliyatsiz harakat, – dedi mudofaa vaziri Yoav Gallant.
– Ben-Gvirning yondashuvi davlatimiz milliy xavfsizligiga tahdid, – deya fikr bildirgan Isroil muxolifati rahbari Yair Lapid. – Ben-Gvirning sharhi Netanyaxu o‘z hukumati ustidan nazoratni yo‘qotganini anglatadi.
XAMAS ham bu fikr xavfli ekanini aytib, Arab va Islom davlatlarini muqaddas joylarni himoya qilish uchun javobgarlik his etishlarini so‘radi.
Misr Tashqi ishlar vazirligi Isroilni o‘z majburiyatini bajarish va keskinlikni kuchaytirishga qaratilgan ig‘vogarona bayonotlarni to‘xtatishga chaqirdi.