Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bemorlarni davolash emas, kasalliklarning oldini olish asosiy mezon bo‘lmog‘i lozim
16:29 / 2025-03-05

Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyevning viloyatdagi tibbiyot sohasi mas’ullari bilan uchrashuvida ana shu fikrga urg‘u berildi.

– Tibbiyotga mas’ullarning faoliyati haqida so‘rasangiz, qancha bemorni davolagani, nechta murakkab operatsiya qilgani, shifoxonada yangi o‘rinlar ochganini gapiradi, – dedi A.Boboyev. – Lekin hech kim qanday kasalliklarning oldi olingani, necha kishi bemorlikdan saqlab qolinganini gapirmaydi, aniqrog‘i, gapirolmaydi. Shuning uchun ham yil sayin kasallar soni ortib bormoqda, nogiron farzandlar tug‘ilyapti. Bugungi kunda Samarqand respublikada dori-darmon iste’moli bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallab turganini qanday izohlash mumkin? Davlat shifoxonalari bilan birga xususiy tibbiyot muassasalari ko‘paymoqda. Bundan quvonish kerak. Lekin xususiy tibbiyot muassasasida tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun pul to‘lash kerak. Odamlarning puli faqat kasallikni davolash, dori-darmon sotib olishga ketishi kerakmi? Ana shu masalalar bugun har bir tibbiyot xodimini o‘ylantirishi, o‘z faoliyatini qayta ko‘rib chiqishga undashi lozim.

Uchrashuvda sog‘liqni saqlash sohasida ijobiy dinamika kuzatilayotganiga qaramay, mavjud kamchiliklarni tan olish va ularni bartaraf etish zarurligi ta’kidlandi. Viloyat rahbari insonlarni yoshligidan boshlab sog‘lom turmush tarziga rioya qilishga o‘rgatish muhimligini qayd etdi. Bog‘cha va ta’lim muassasalarida tegishli dasturlarning amalga oshirilishi yoshlarda sog‘lom turmush madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.Bu esa, o‘z navbatida, kasalliklarning kamayishiga olib keladi.

Tibbiyot xodimlari qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi. Asosiy e’tibor tibbiy xizmat sifatini oshirish va kasallanish holatlarini kamaytirishga qaratildi.

– Aholining tibbiy madaniyatini oshirish, birlamchi bo‘g‘inda profiliktika ishlarini kuchaytirish zarur, – dedi Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi direktori Mamatqul Azizov. – Ota-onalarning kundalik hayotda oddiy sanitariya qoidalariga amal qilmasligi,  sog‘lom ovqatlanish ko‘nikmasining yo‘qligi bolalarda turli kasalliklar uchrashiga sabab bo‘lmoqda. Yoki ona suti bilan oziqlantirmasligi oqibatida bolaning immuniteti past bo‘lishi, tez-tez kasalliklarga chalinishi ham ko‘p uchraydigan holat. Biz bu borada hududlarda o‘rganishlar ham o‘tkazib ko‘rdik. Qayerda bolalar ko‘proq ona suti bilan katta qilinayotgan bo‘lsa, o‘sha hudud aholisida kasalliklar boshqa hududlarga nisbatan kam uchradi. Buni aholiga tushuntiryapmiz, lekin targ‘ibot ishlari yetarli emas.

Uchrashuvda tibbiyot muassasalari infratuzilmasini modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish, xodimlarining malakasini oshirish hamda xorijiy davlatlar tibbiyotidagi ilg‘or tajribalarni o‘zimizda qo‘llash yuzasidan ham fikrlar bildirildi.  

– O‘tgan yili Rossiyada, yaqinda esa Turkiyada bo‘lib, tibbiyot sohasi bilan tanishganimizda bir jihat e’tiborimni tortdi, – dedi Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ahmadjon Bobojonov. – Birlamchi bo‘g‘inda bo‘ladimi yoki respublika darajasidagi muassasadami bemor biror bir tekshiruvdan o‘tsa yoki tahlil topshirsa, uning natijasi elektron tizimga kiritiladi va u qaysi klinikaga murojaat qilsa yoki keyinchalik uning salomatligida o‘zgarish kuzatilsa, o‘sha tashxislarga tayaniladi. Ya’ni har bir shaxs haqidagi ma’lumotlar elektron bazada mavjud bo‘ladi. Biz esa qayta-qayta tekshiruvlar, tahlillar o‘tkazib, bunga juda katta mablag‘ sarflayapmiz. Ana shu tizimni biz ham o‘zimizda qo‘llashimiz zarur.

Muloqot davomida klinikalar va shifoxonalar ishini optimallashtirish diagnostika va davolash jarayonlarini sezilarli darajada yaxshilashi mumkinligiga to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, sohaga yosh mutaxassislarni jalb etish va davolash sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan kadrlar almashinuvini kamaytirish zarurligi ta’kidlandi.

G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri